Qoraqalpog’iston Respublikasi statistika boshqarmasi

1-K shakli (aylıq) hár ay, esabat dáwirinen keyingi aydıń 2-sánesinen keshiktirmey;   elektron kóriniste tapsırıwdı umıtpań!!! 1-K shakli (месячная) не позднее 2-го числа месяца, после отчетного периода;   Пожалуйста, не забудьте предоставить отчеты в электронном виде!!!

Turkmaniston Prezidenti bilan telefon orqali muloqot to‘g‘risida

26.10.2016

2016-yil 26-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovni Turkmaniston mustaqilligining 25-yillik shonli sanasi munosabati bilan chin qalbdan samimiy tabriklab, unga davlat rahbari sifatidagi mas’uliyatli faoliyatiga yangi muvaffaqiyatlar, do‘st turkman xalqiga farovonlik va bardavom taraqqiyot tiladi.

O‘z navbatida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov samimiy qutlovlar uchun chuqur minnatdorlik bildirib, qardosh O‘zbekiston xalqiga tinchlik, osoyishtalik va ravnaq tilagan shaxsiy istaklarini izhor etdi.

Suhbat chog‘ida tarixan qisqa vaqt ichida Turkmaniston keng ko‘lamli sotsial-iqtisodiy islohotlar va ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarning puxta o‘ylangan strategiyasini amalga oshirgani tufayli iste’dodli va mehnatsevar turkman xalqi farovonligini muttasil yuksaltirish, ma’naviy yangilanish, shuningdek, xalqaro maydonda mamlakat nufuzini oshirish borasida salmoqli yutuq va marralarga erishgani ta’kidlandi.

Xalqlarimizni ko‘p asrlik samimiy do‘stlik va qardoshlik, yaqin qo‘shnichilik rishtalari, mushtarak an’ana, urf-odat va madaniy qadriyatlar bog‘lab turadi. Bu uzoq muddatli, keng qamrovli hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish uchun mustahkam va barqaror asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Muloqot davomida O‘zbekiston va Turkmaniston rahbarlari yaqinda turli darajada o‘tkazilgan ikki tomonlama uchrashuvlar doirasida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ijrosi qanday borayotgani xususida fikr almashdilar.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston bilan Turkmaniston do‘st xalqlarimiz farovonligi, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida keng ko‘lamli o‘zaro hamkorlikni hamda dolzarb xalqaro masalalar yuzasidan amaliy, ishonchli va ochiq muloqotni izchil davom ettirishga tayyorligini bildirdilar.