Qoraqalpog’iston Respublikasi statistika boshqarmasi

1-K shakli (aylıq) hár ay, esabat dáwirinen keyingi aydıń 2-sánesinen keshiktirmey;   elektron kóriniste tapsırıwdı umıtpań!!! 1-K shakli (месячная) не позднее 2-го числа месяца, после отчетного периода;   Пожалуйста, не забудьте предоставить отчеты в электронном виде!!!

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati olimlarining ilmiy ishlanmalari namoyish etildi

30.03.2017

Nukusda X Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasining hududiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 


O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazi, oliy o‘quv yurtlari hamkorligida tashkil etilgan yarmarkaning ochilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Q.Sariyev, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi xodimi O.Parpiyev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida innovatsion g‘oya va ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga keng tatbiq etish, ishlab chiqaruvchilar hamda ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yoshlarning ilmiy salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. 

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida har yili an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan ushbu yarmarka hududlarning innovatsion faoliyatini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga keng jalb etish, sohalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Yarmarkada Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari o‘zlarining 200 dan ortiq innovatsion g‘oya, ishlanma, loyiha va yangi ishlab chiqilgan texnologiyalari bilan qatnashdi. 

– Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati olimlari, shuningdek, ishlab chiqarish korxonalari, tadbirkorlari o‘rtasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, – deydi Urganch davlat universiteti professori B.Ro‘zmatov. – Bugungi yarmarkada universitetimiz va Xorazm Ma’mun akademiyasi olimlari, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiallari professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan 100 dan ziyod ilmiy ishlanma va loyiha bilan ishtirok etdik. 

Namoyish etilgan ishlanmalar energiya tejamkorligi, muqobil energiya manbalarini yaratish va rivojlantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari taraqqiyoti, qishloq xo‘jaligi, biotexnologiya, kimyo texnologiyasi, oziq-ovqat sanoati, xomashyo va yengil sanoat sohalarini rivojlantirishga bag‘ishlangan bo‘lib, ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. 

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiali o‘qituvchisi R.O‘teniyazov rahbarligidagi talabalar tomonidan yaratilgan dasturiy ishlanmalar, Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filiali o‘qituvchisi R.Yusupovning qovun pashshasiga qarshi maxsus himoyalovchi vositasi, Toshkent arxitektura-qurilish instituti katta o‘qituvchisi A.Ilyosovning qishloq xo‘jaligi chiqindilaridan foydalangan holda pishiq g‘isht ishlab chiqarish loyihasi mutaxassislar e’tiborini tortdi. 

– Ikki yillik izlanishlar natijasida yaratilgan texnologiya o‘zining energiya tejamkorligi bilan ajralib turadi, – deydi A.Ilyosov. – Qishloq xo‘jaligi ekinlari chiqindisi – g‘o‘zapoya va sholi somoni maydalanib, tuproqqa qorishtirilgach, g‘isht 900 darajada pishiriladi. Qurilishda ishlatilayotgan oddiy g‘isht 1 ming 200 daraja issiqlikda tayyor bo‘lsa, bunga 300 daraja kam sarflanadi. Shuning hisobidan tannarxi arzon bo‘ladi. G‘o‘zapoya, somon va tuproq aralashmasidan tayyorlangan g‘isht og‘irligi odatdagisidan 800 gramm yengil bo‘lib, xona ichidagi issiqlikni ko‘proq saqlash xususiyatiga ham ega. 

Yarmarkada tadbirkorlik subyektlari, agrofirmalar va ishlab chiqarish korxonalari, fermer xo‘jaliklari bilan ko‘plab shartnomalar imzolandi.