Qoraqalpog’iston Respublikasi statistika boshqarmasi

1-K shakli (aylıq) hár ay, esabat dáwirinen keyingi aydıń 2-sánesinen keshiktirmey;   elektron kóriniste tapsırıwdı umıtpań!!! 1-K shakli (месячная) не позднее 2-го числа месяца, после отчетного периода;   Пожалуйста, не забудьте предоставить отчеты в электронном виде!!!

Istiqbolli loyihalar – farovonligimiz omili

27.04.2017

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Qoraqalpog‘iston Respublikasining qurg‘oqchil hududlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqlim o‘zgarishiga moslashishga qaratilgan chora-tadbirlar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Turli vazirlik, ilmiy-tadqiqot institutlari mutaxassislari, olimlar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda iqlimning salbiy o‘zgarishlari Markaziy Osiyodagi mamlakatlar, qurg‘oqchil hududlarida joylashgan mintaqalar uchun jiddiy xavf solayotgani, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida haroratning isish tezligi oshib, qurg‘oqchilikning yuzaga kelishiga sabab bo‘layotgani qayd etildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari B.Nishonov va boshqalar mamlakatimizdagi qurg‘oqchilik hududlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqlimga bardoshliligini ta’minlash borasida samarali ishlar olib borilayotganini ta’kidladi. Prezidentimizning joriy yil 18-yanvardagi "2017-2021-yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi to‘g‘risida"gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. 

Iqlim o‘zgarishi va qurg‘oqchilikning oldini olish maqsadida Gidrometeorologiya xizmati markazi va BMT Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi Doiraviy konvensiyasi moslashish jamg‘armasi o‘zaro hamkorlikda “O‘zbekistonning qurg‘oqchil tumanlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqlimiy barqarorligini ta’minlash” qo‘shma loyihasini ishlab chiqdi. 

– Loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida o‘nta meteorologik stansiya va ikkita gidrologik post modernizatsiya qilinib, gidrometeorologik axborotni avtomatik ravishda yig‘ish va uzatish uchun uskunalar o‘rnatildi, – deydi loyiha rahbari Aleksandr Merkushkin. – Bu quyi Amudaryo mintaqasida qurg‘oqchilikning oldini olish, fermer va dehqonlarni bunday axborotlardan oldindan xabardor qilish imkonini beradi. Loyiha doirasida qurg‘oqchilik hududlarida namlikni saqlovchi o‘simliklarni tanlab, o‘rmonzor va ihotazorlar barpo etish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. 

Anjumanda qurg‘oqchilikka chidamli va yuqori hosil beruvchi ekinlar seleksiyasi, o‘simliklarni biologik himoya qilish, sug‘orishning yangi usullari, ekin maydonlarini yuqori aniqlikda tuzish va yerga ishlov berish kabi innovatsion amaliyotlarni hududlarda joriy etish, iqlim o‘zgarishiga bog‘liq qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirish barqarorligini ta’minlash, chorva mollari uchun yaylovlarni kengaytirish masalalari haqida fikr yuritildi. Tuproqni yemirilishdan asrash, namlikni saqlash, Orol dengizi tubidagi ko‘chma qumlarni to‘sish maqsadida soha xodimlari va aholi hamkorligida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.