Qoraqalpog’iston Respublikasi statistika boshqarmasi

1-K shakli (aylıq) hár ay, esabat dáwirinen keyingi aydıń 2-sánesinen keshiktirmey;   elektron kóriniste tapsırıwdı umıtpań!!! 1-K shakli (месячная) не позднее 2-го числа месяца, после отчетного периода;   Пожалуйста, не забудьте предоставить отчеты в электронном виде!!!

Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv

02.11.2017

Toshkentdagi Simpoziumlar saroyida 2-noyabr kuni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi Dmitriy Medvedev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 



O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov va Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi D.Medvedev O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar o‘zaro hurmat va ishonch ruhida izchil rivojlanib borayotgani, ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar bunda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. 

Mamlakatlarimiz hamkorligi Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma, Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma va boshqa qator hujjatlar asosida yangi bosqichga chiqdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil aprel oyida Rossiyaga davlat tashrifi, oktyabr oyida Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisi doirasida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvi o‘zaro munosabatlarni aniq amaliy mazmun bilan boyitgani qayd etildi. 

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar vazirlik va idoralar yo‘nalishida ham rivojlanib bormoqda. Keyingi yarim yilda hukumatlararo darajada yigirmaga yaqin tashriflar amalga oshirildi. Bu savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama manfaatli aloqalarni yanada faollashtirish uchun keng imkoniyatlar ochdi. 

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish, sanoat kooperatsiyasi sohalarida jadallashgani qayd etildi. 

Ikki mamlakat hukumatlari rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi kengaytirilgan muzokaralarda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. 

Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hukumatlari, vazirlik va kompaniyalari o‘rtasida o‘ndan ziyod hujjat imzolandi. Jumladan, neftni qayta ishlash, bank-moliya, investitsiya, savdo, sanoat, avtomobilsozlik, ilm-fan, tashqi migratsiya va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga doir qator memorandum va bitimlar qabul qilindi. 

Dmitriy Medvedev boshchiligidagi delegatsiya Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.