Qoraqalpog’iston Respublikasi statistika boshqarmasi

1-K shakli (aylıq) hár ay, esabat dáwirinen keyingi aydıń 2-sánesinen keshiktirmey;   elektron kóriniste tapsırıwdı umıtpań!!! 1-K shakli (месячная) не позднее 2-го числа месяца, после отчетного периода;   Пожалуйста, не забудьте предоставить отчеты в электронном виде!!!

Xavfsizlik va barqarorlik – taraqqiyotning asosiy omili

11.11.2017

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT shafeligida tashkil etilgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzuidagi xalqaro konferensiya 11-noyabr kuni o‘z ishini davom ettirdi. 



Anjuman qatnashchilari Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik istiqbollarini muhokama etgan holda hudud davlatlari xavfsizligi va taraqqiyotiga tahdidlarning oldini olish va ularga qarshi kurashishda xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlar bilan aloqalarning ahamiyati yuzasidan fikr almashdi. 

O‘zA muxbiri xalqaro forum qatnashchilarining fikrlari bilan qiziqdi. 

Nixat Zeybekchi, Turkiya Respublikasi iqtisodiyot vaziri: 

– Turkiya Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi. Keyingi yillarda mintaqadagi mamlakatlar bilan transport-logistika sohasidagi aloqalarning rivojlanib borayotgani davlatlarimiz iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qilmoqda. Biz, Markaziy Osiyo davlatlarini Yevropa bilan bog‘lovchi muhim ko‘prik sifatida qadimiy Buyuk ipak yo‘lining qayta tiklanishidan manfaatdormiz. Bu borada ayni paytda Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan transport karidori bo‘yicha loyihada ishtirok etishga tayyormiz. 

Samarqandda tashkil etilgan xalqaro forum nafaqat mintaqa mamlakatlari xavfsizligi va barqarorligini mustahkamlash, o‘zaro hamkorlik aloqalarini kuchaytirishga xizmat qiladi, balki ushbu davlatlarning dunyo xalqlari bilan iqtisodiy integratsiyasini yanada kuchaytirishga keng imkoniyat yaratadi. 

Muhammad Javad Zarif, Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri: 

– Bugun tez o‘zgarayotgan dunyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash eng muhim masala hisoblanadi. Har bir davlat ushbu yo‘nalishda o‘ziga xos ichki va tashqi siyosat yuritadi. Shu bilan birga bu borada qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro yaqin hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi har tomonlama foydali bo‘lishi shubhasiz. 

Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlarining ushbu maqsad yo‘lida hamjihatlikda zarur chora-tadbirlarni ko‘rayotgani e’tiborga molik. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyovning bu borada bayon etgan taklif va tashabbuslarini barcha davlatlar qo‘llab-quvvatlamoqda. 

Erlan Abdildayev, Qirg‘iziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri: 

– Davlatlarimiz rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan keyingi paytda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik aloqalari mustahkamlanib, yangi bosqichda davom etmoqda. Buni barcha sohalardagi hamkorlik rivojlanib borayotgani ham yaqqol ko‘rsatib turibdi. 

Qadimiy Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan ushbu xalqaro konferensiya terrorizm, diniy ekstremizm va giyohvandlikka qarshi birga kurash olib borishimiz, bu borada harakatlarimizni muvofiqlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Markaziy Osiyo davlatlarining yakdilligi mintaqada xavfsizlikni ta’minlashda muhim omil hisoblanadi. Xalqlarimizning buyuk tarixi bor. Qurilayotgan kelajak ham albatta buyuk bo‘ladi. 

Sirojiddin Aslov, Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri: 

- Ushbu xalqaro konferensiya Markaziy Osiyo mintaqasidagi dolzarb masalalarni hal etishda muhim qadam bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Sababi, dunyo xavfsizligiga xavf solayotgan terrorizm mintaqamizga ham kirib kelmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Shuning uchun avvaldan bunday xavflarning oldini olish choralarini ko‘rish, bu borada hamkorlikda ish olib borish barcha davlatlar uchun manfaatli bo‘lishi shubhasiz. 

Birgina Afg‘onistondagi notinchlik mintaqamizdagi davlatlar va xalqlar osoyishtaligiga tahdid sifatida barchamizni tashvishga soladi. Qo‘shni mamlakatda barqarorlikka erishish borasida biz ham hamkorlikda ish olib borishimiz lozim. 

Rashid Meredov, Turkmaniston Respublikasi tashqi ishlar vaziri: 

- Samarqandda tashkil etilgan ushbu xalqaro konferensiya Markaziy Osiyo davlatlarining har jabhada hamfikr, mintaqadagi mavjud muammolarni hamjihat hal qila olishini dunyoga ko‘rsatdi. 

Mintaqadagi davlatlararo muammolar bo‘lmasligi, ayniqsa, xavfsizlik masalasida barchamizning yakdilligimiz taraqqiyotga xizmat qiladi. Shuningdek, mintaqadagi Yevroosiyo transport koridorini rivojlantirish Yevropa va Osiyoni bir-biriga bog‘lashda muhim omil bo‘ladi. Albatta, buning uchun mintaqada terrorizm, ekstremizm, giyohvandlik kabi turli illatlarning oldini olish, xavfsizlikni ta’minlash lozim. Bugungi xalqaro konferensiya aynan shu masalalar muhokamasiga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.