Qoraqalpog’iston Respublikasi statistika boshqarmasi

1-K shakli (aylıq) hár ay, esabat dáwirinen keyingi aydıń 2-sánesinen keshiktirmey;   elektron kóriniste tapsırıwdı umıtpań!!! 1-K shakli (месячная) не позднее 2-го числа месяца, после отчетного периода;   Пожалуйста, не забудьте предоставить отчеты в электронном виде!!!

Barcha darajadagi rahbarlar bir maqsad – xalq roziligi yo‘lida mehnat qilishi lozim

02.04.2018

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, olib borilayotgan izchil islohotlar, yirik loyihalar bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish maqsadida 30-mart kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi. 

Jizzax viloyati qadimdan sharq va g‘arbni bog‘lovchi Buyuk ipak yo‘lining muhim qo‘nalg‘alaridan biri bo‘lib kelgan. Mustaqillik yillarida hududning yurtimiz taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyati yanada ortdi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli hududning qulay jug‘rofiy va transport-kommunikatsiya imkoniyatlaridan, yer osti va yer usti boyliklari, ulkan iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanilmoqda. 

Prezidentimiz o‘tgan yil 28-aprel kuni viloyatga tashrifi chog‘ida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayoni bilan tanishgan, aholi farovonligi, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar bergan edi. O‘tgan vaqt davomida viloyatda ulkan ishlar amalga oshirildi. 

Davlatimiz rahbari tamal toshi qo‘yib bergan Zafarobod tumanidagi neftni qayta ishlash zavodi qurilishi nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo mintaqasida katta voqea bo‘ldi. Ayni paytda loyiha qiymati 2,2 milliard AQSh dollari bo‘lgan korxonani bunyod etish ishlari yuqori sur’atlarda davom etmoqda. "Jizzax" erkin iqtisodiy zonasida xorijiy investitsiyalar ishtirokida bunyod etilayogan “Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive” zavodi, yaqinda ishga tushirilgan shisha mahsuloti ishlab chiqaradigan “Ming Yuan Sily industry” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi korxona, Jizzax shahrida bunyod etilayotgan “SILK EXPERT processing” ipak yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi mamlakatimiz iqtisodiyoti yuksalishiga xizmat qiladi. 

Hududlarni kompleks rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor tufayli bunday yirik loyihalar olis tumanlarda ham amalga oshirilmoqda. Jumladan, Forish tumanining Egizbuloq qishlog‘ida Buyuk Britaniyaning “Leigh Barrier LLP” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Mega invest industrial” MChJ shaklidagi kompozit armaturalar ishlab chiqarish zavodi, G‘allaorol tumanidagi “Marjon global” dorivor giyohlarni qayta ishlash, Zomin tumanida “Zomin-Farm” erkin iqtisodiy zonasi tarkibidagi korxonalar viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotir. 

Prezidentimiz bu galgi tashrifi davomida viloyatni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalarning amalga oshirilishi, avvalgi tashrifda berilgan topshiriqlar ijrosi, aholining talab-ehtiyojlari bilan tanishdi. 

Davlatimiz rahbari dastlab Zarbdor tumanidagi "Zarbdor textile" mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘ldi. Joriy yil aprel oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan korxonada 17,5 million dollarlik qurilish-montaj ishlari bajarilgan. 

Korxonada yiliga 31 million kvadrat metr mato hamda 6,5 million dona trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi. Korxona o‘z faoliyatini boshlashi bilan 864 ish o‘rni yaratiladi. Ishlab chiqarishni kengaytirish evaziga joriy yil uchinchi choragida yana 196 nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlanadi. 

Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda yetishtirilayotgan paxta o‘zimizda to‘liq qayta ishlanishi qo‘shimcha qiymatli mahsulot tayyorlash bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini berishini ta’kidladi. 

Shu yerda Jizzax shahridagi sobiq to‘qimachilik kombinatining bo‘sh turgan binolari negizida zamonaviy to‘qimachilik majmuasi barpo etish, “Jizzax”, “Zomin-farm” erkin iqtisodiy zonalarida 2018-2019 yillar uchun rejalashtirilgan investitsiya, shuningdek, viloyatda yengil sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi. 

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Jizzax shahar ichki ishlar bo‘limi 2-son ichki ishlar bo‘linmasida bo‘ldi. 

Yurtimizda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, jamoat tartibini, aholi tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotir. Buni profilaktika, tezkor-qidiruv, tergov, yo‘l harakati xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, qo‘riqlash, patrul-post xizmatlari, safarbarlik otryadlari qayta tashkil etilayotgani, ichki ishlar organlarining moddiy-texnik bazasi muntazam mustahkamlab borilayotganida ham ko‘rish mumkin. 

Prezidentimiz 2017-yil 17-avgust kuni ichki ishlar idoralari xodimlari bilan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Jizzax shahrida “Xavfsiz shahar” loyihasini tatbiq etish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Ushbu topshiriq ijrosi bo‘yicha Jizzax shahar ichki ishlar bo‘limi 2-son ichki ishlar bo‘linmasida «Xavfsiz shahar» boshqaruv situatsion markazi tashkil etildi. Markaz yo‘l harakati xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, qo‘riqlash xizmati, patrul-post xizmati va boshqa tarmoqlarni geoinformatsion tizim orqali boshqaradi. Bozorlar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, mehmonxonalar, yo‘llar va boshqa jamoat joylariga o‘rnatilgan videokuzatuv uskunalari, zamonaviy signal uzatish texnikasi bunda qo‘l keladi. Bu jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish, ularni tez fursatlarda fosh etishda muhim ahamiyatga ega. 

– Bu kabi videokuzatuv moslamalarini shahardagi profilaktika inspektorlari xonasi, maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablar atrofiga ham o‘rnatish kerak, – dedi Prezident. – Shunda o‘qituvchi va o‘quvchilarda ham mas’uliyat yanada oshadi. 

Bo‘linma ikki qavatli binoda joylashgan bo‘lib, bu yerda "Zargarlik" mahalla fuqarolar yig‘ini, mahalla posboni, profilaktika inspektori xonalari o‘rin olgan. 

Shavkat Mirziyoyev mahalla raisi va profilaktika inspektori bilan aholi farovonligini oshirish, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, mahallada jinoyatchilikning oldini olish masalasida suhbatlashdi. 

Davlatimiz rahbariga ichki ishlar bo‘linmasi tomonidan ishlab chiqilgan mobil dastur haqida ma’lumot berildi. “Jizzax IIB” mobil dasturi aholi uchun bepul bo‘lib, fuqarolarning mobil telefoniga yuklanadi. Ushbu dastur orqali fuqarolar qidiruvda bo‘lgan va bedarak ketgan shaxslar haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishi, profilaktika inspektori faoliyatiga oid ma’lumotlarni olishi mumkin. 

Xodimlarga tezkor axborot yetkazish maqsadida viloyatdagi uyali aloqa kompaniyasi bilan hamkorlikda 2 mingda ortiq telefon raqami tarqatilgan. Mazkur qulaylik orqali tezkor axborot yetkazish imkoni yaratilmoqda. Ya’ni, navbatchilik qismida mavjud bo‘lgan planshet orqali kunlik sodir bo‘lgan jinoyatlar, yo‘l-transport hodisalari, eslatma va yangiliklar xodimlarga tezkorlik bilan yetkaziladi. 

Davlatimiz rahbari tegishli mutasaddilarga ushbu tizimni yanada takomillashtirish yuzasidan topshiriq va ko‘rsatmalar berdi. 

Shu yerda Prezidentimiz bir guruh nuroniylar bilan uchrashdi, samimiy va ochiq ruhda o‘tgan suhbatda mamlakatimiz va xalqaro ahamiyatga molik masalalar haqida so‘z yuritildi. 

Keyingi manzil Jizzax shahar Mustaqillik ko‘chasida barpo etilayotgan ko‘p qavatli arzon uy-joylar bo‘ldi. 

Prezidentimizning 2016-yil 22-noyabrdagi "2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi yuzasidan barpo etilayotgan mazkur uy-joylar aholining keng qatlami uchun zamonaviy uylardan foydalanish darajasini tubdan oshirish, yer resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bunday zamonaviy uylar yurtimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shish va aholi turmush farovonligini yuksaltirish bilan birga, odamlarda davlatga, ertangi kunga ishonch tuyg‘usini yanada mustahkamlamoqda.

Jizzax shahrida qurilayotgan uy-joylarni joriy yil sentabr oyida to‘liq foydalanishga topishirish ko‘zda tutilgan. 7 qavatli, 420 xonadonga mo‘ljallangan uylar 2 va 3 xonali. Shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shayotgan ushbu 10 ta uy uy-joyga muhtoj aholini bosqichma-bosqich zamonaviy uylar bilan ta’minlash imkonini beradi. 

Prezidentimiz yangi qurilayotgan uy-joylar loyihalari bilan tanishdi. 

Shu yerda viloyatda olib borilayotgan qurilish ishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Sharof Rashidov tumanidagi Uchtepa shaharchasida ko‘p qavatli turar joy binolarining joylashuv loyihasi, mazkur tumandagi “Toqchilik” QFY hududida barpo etilayotgan zamonaviy 3-4 qavatli arzon uy-joylar massivi loyihalarida aholi ehtiyoji hisobga olingan bo‘lib, qurilish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. 

Bundan tashqari, Jizzax shahridagi Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab quriladigan infratuzilma obyektlari, ko‘p qavatli turar joylar, Sayljoyi mahallasi hududidagi 37-maktabgacha ta’lim muassasasi binosini qayta ta’mirlash kabi qator istiqbolli loyihalar taqdim etildi. 

– Jizzax shahrida keng ko‘lamli qurilish ishlari olib borilmoqda. Shuning uchun bu yerda qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalari tashkil etish kerak, – dedi davlatimiz rahbari. – Ana shunda qurilayotgan binolarning narxi arzon tushadi. 

Prezidentimiz viloyatda ichimlik suv tizimini rivojlantirish loyihasiga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha barcha manbalarni ishga solish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi. 

Jizzax viloyati ko‘p qavatli uy-joy fondini ta’minlash dasturiga asosan, 2017-yilda 345 ta ko‘p qavatli uy-joy ta’mirlangan. Bu ishlarni amalga oshirishda tijorat banklari tomonidan 16,3 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan. 2018-yilda 409 ta ko‘p qavatli uy-joy va ularning atrofini obodonlashtirish ko‘zda tutilgan. Ushbu maqsadlarga 59,6 milliard so‘m mablag‘ jalb etiladi. 

Shavkat Mirziyoyev loyihalar bilan batafsil tanishdi. Mutasaddilarga ajratiladigan mablag‘lar, qurilish ishlarini yakuniga yetkazish muddatini nazorat qilishni topshirdi. 

Prezidentimiz Do‘stlik tumanidagi Manas qishlog‘iga tashrif buyurdi. 

“Manas” qishloq fuqarolar yig‘inida Jizzax viloyatida qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. 

Davlatimiz rahbari terini qayta ishlash, agrosanoat majmuasi va oziq-ovqat klasteri barpo etish, tuya suti bilan davolaydigan klinika tashkil qilish borasidagi takliflarga alohida e’tibor qaratdi. Aholining tomorqa xo‘jaliklaridan samarali foydalanishiga ko‘maklashish, fermer va dehqon xo‘jaliklariga buxgalteriya hisobini yuritish bo‘yicha konsalting xizmati ko‘rsatish, moliyalashtirish bazasini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

“Obod qishloq” dasturining amalga oshirilishi chekka hududlarda yashayotgan millionlab yurtdoshlarimiz hayotini yaxshilashga, ularga munosib turmush tarzi yaratishga qaratilgan dolzarb vazifa ekani ta’kidlandi. Manas qishlog‘i mamlakatimizda boshlangan “Obod qishloq” dasturini tatbiq etishda namuna sifatida tarixda qoldi. 

O‘tgan asrning 60-yillarida viloyatning eng chekka hududida barpo etilgan Manas qishlog‘ida bugungi kunda 6,5 mingdan ziyod aholi yashaydi. Keyingi yillarda infratuzilma inshootlari, ko‘cha va yo‘llar, ichimlik suvi, issiqlik, elektr energiyasi ta’minoti, madaniy-mashiy xizmat ko‘rsatish talabga javob bermasligi natijasida odamlar ancha qiynalayotgan edi. 

“Obod qishloq” dasturi asosida bu yerda mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan qisqa muddatda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Dastur doirasida sizot suvlari sathi ko‘tarilishini bartarf etish uchun 41 kilometr uzunlikdagi kollektor-drenaj tarmoqlari tozalandi. Ikki qavatli 34 ta uyning tomi qayta yopildi. Uy-joylar atrofidagi rejasiz qurilishlar o‘rnida yangidan yordamchi binolar, tandirxonalar kurildi. Mevali va 10 ming tupdan ziyod manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. 

Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida “Suvoqova” davlat unitar korxonasi jamoasi tomonidan 6,5 kilometrlik suv quvuri yotqizildi. Suv tarqatish inshootlari ta’mirdan chiqarildi. 2 umumta’lim maktabi ta’mirlanib, qayta jihozlandi. Ushbu maktablarda o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonasi barpo etilib, duradgorlik, chilangarlik, tikuvchilik dastgohlari bilan ta’minlandi. 17 bolalar maydonchasi, 2 mini futbol maydoni, 250 o‘rinli stadion barpo etildi. 

“Obod qishloq” dasturini amalga oshirish boshlangandan buyon qishloqda 200 dan ziyod xotin-qizning bandligi ta’minlandi. Jumladan, “Jizzaxpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyatining 100 o‘rinli, “Zaminteks” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 20 o‘rinli tikuvchilik sexlari qurilib, qishloq xotin-qizlaridan 120 nafari ishga joylashtirildi. 

30 issiqxona, ko‘p qavatli uylarda yashovchi fuqarolarning mollarini boqish uchun 100 boshga mo‘ljallangan zamonaviy ferma qurildi. Veterinariya punkti ishga tushirildi. Zamonaviy ko‘rinishdagi 31 savdo do‘koni, novvoyxona, hammom barpo etildi. 500 o‘rinli “Manas” madaniyat saroyi to‘liq ta’mirdan chiqarilib, madaniy-ma’rifiy maskanga aylantirildi. Qishloq vrachlik punkti qayta rekonstruksiya qilinib, uning o‘rnida 500 qatnovga mo‘ljallangan oilaviy poliklinika tashkil etildi. 

Prezidentimiz mazkur poliklinikadagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. 

– Joylarda zamonaviy tibbiyot muassasalari barpo etayotganimiz yaxshi, albatta. Endigi talab ushbu muassasalarni malakali mutaxassislar bilan ta’minlash hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirishdan iborat bo‘lishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari. 

Shavkat Mirziyoyev qishloqda “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tashabbusi bilan barpo etilgan novvoyxonani borib ko‘rdi. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan novvoyxonada kuniga 30 turdagi 2 ming dona qolipli non tayyorlanadi. 

Davlatimiz rahbari qishloqdagi 125 o‘rinli “Aychurek” maktabgacha ta’lim muassasasida ham bo‘ldi. Janubiy Koreya standarti asosida barpo etilgan va jihozlangan muassasada bolalarning ilg‘or xorijiy tajribalar asosida dastlabki bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. 

“Manas” madaniyat saroyida xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi. 

Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, viloyat va tuman hokimlari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda tumanlar bilan videokonferensiya orqali muloqot qilinib, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topildi. 

Yangi sanoat korxonalari tashkil etish, qishloq xo‘jaligida islohotlarni davom ettirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi. Paxta maydonini qisqartirish evaziga meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, mahsulotni saqlash va qayta ishlashga mo‘ljallangan korxonalar tashkil etish, eksportbop ekinlar ekish, tog‘oldi hududlarda dorivor o‘simliklar yetishtirish, chorvachilikni rivojlantirish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi. 

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tavsiyasiga binoan Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab kelayotgan Ergash Soliyev Jizzax viloyati hokimi etib tayinlandi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga tashrifi davom etmoqda.