Qaraqalpaqstan Rеspublikasi statistika basqarmasi

1-K shakli (aylıq) hár ay, esabat dáwirinen keyingi aydıń 2-sánesinen keshiktirmey;   elektron kóriniste tapsırıwdı umıtpań!!! 1-K shakli (месячная) не позднее 2-го числа месяца, после отчетного периода;   Пожалуйста, не забудьте предоставить отчеты в электронном виде!!!

O‘zbekiston va Bangladesh: iqtisodiy hamkorlik istiqbollari

11.04.2018

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida 10-aprel kuni “O‘zbekiston bilan Bangladesh o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari” mavzuida seminar bo‘lib o‘tdi. 


Savdo-sanoat palatasi hamda Bangladesh Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, kimyo, farmatsevtika, turizm kabi qator sohalarda faoliyat yuritayotgan kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. 

Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Islom Jasimov, Bangladesh Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Shaxriyor Alam va boshqalar O‘zbekiston bilan Bangladesh o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va teng manfaatdorlikka asoslangan savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatning sarmoyaviy jozibadorligini oshirib, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, sanoat tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilishda xorijiy kapital qo‘yilmalarini keng jalb qilish uchun qulay sharoit yaratilayotgani qayd etildi. 

O‘zbekiston Respublikasida Bangladesh investitsiyalari ishtirokida tuzilgan 6 korxona faoliyat ko‘rsatadi. Bugun bangladeshlik tadbirkorlar mamlakatimizda tayyor tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish, qora metallurgiya, kimyo va farmatsevtika sanoatida, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar taqdim etish sohalarida faoliyat yuritmoqda. 

Uchrashuvda mehmonlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xorijiy kompaniyalar va sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, iqtisodiyot va valyuta bozorini liberallashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, biznesni qo‘llab-quvvatlash borasidagi o‘zgarishlar haqida so‘zlab berildi. Ikki mamlakat ishbilarmonlari ishtirokida qo‘shma korxonalar tashkil etishni rag‘batlantirish, yangi tashkil etilgan erkin iqtisodiy zonalarda chet ellik investorlar uchun taklif etilayotgan qulaylik va imtiyozlar yuzasidan fikr almashildi. 

Sayyohlik sohasi ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning muhim yo‘nalishlaridan. Mamlakatimizga har yili ko‘plab bangladeshliklar tashrif buyuradi. Toshkentda o‘tadigan sayyohlik yarmarkalarida Bangladesh firma va kompaniyalari faol qatnashib keladi. 

Muloqot chog‘ida ishtirokchilar Prezidentimiz tashabbusi bilan turizm sohasini yanada kengaytirish, yangi yo‘nalish va tarmoqlar hisobiga sayyohlik salohiyatini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirildi. 

Bangladeshning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Mosud Mannan O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish borasida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. 

Tadbirda O‘zbekiston va Bangladesh tadbirkorlari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi.