Qoraqalpog’iston Respublikasi statistika boshqarmasi

1-K shakli (aylıq) hár ay, esabat dáwirinen keyingi aydıń 2-sánesinen keshiktirmey;   elektron kóriniste tapsırıwdı umıtpań!!! 1-K shakli (месячная) не позднее 2-го числа месяца, после отчетного периода;   Пожалуйста, не забудьте предоставить отчеты в электронном виде!!!

Iqtisodiyotda hisob-kitoblar holatini yaxshilash – barqarorlik omili

18.04.2018

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 17-aprel kuni iqtisodiyot tarmoqlarida hisob-kitob tizimini takomillashtirish, debitor, kreditor va byudjet oldidagi qarzdorliklarni kamaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.


Mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlarida nazorat va hisobga olish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, to‘lov intizomini mustahkamlash, javobgarlikni kuchaytirish, ijro ishi yuritishning samaradorligini tubdan oshirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Mazkur yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni huquqiy jihatdan tartibga solish, to‘lov intizomini yanada mustahkamlashga qaratilgan qator hujjatlar qabul qilindi. Prezidentimizning 2017-yil 29-maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, bu borada yangi tizim yaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etildi. Bu sohada to‘planib qolgan jiddiy kamchilik va muammolarni bartaraf etish borasida muhim qadam bo‘ldi. 

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari uzoq yillardan beri hisob-kitob tizimiga e’tibor qaratilmay kelingani, iqtisodiyot tarmoqlarida pul oqimlari samarasiz boshqarilgani va nomutanosib taqsimlangani oqibatida qarzdorlik holatlari ko‘payib ketganini ta’kidladi. 

Buni bartaraf etish bo‘yicha so‘nggi vaqtlarda qator choralar ko‘rildi. Iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari moliyaviy holatini yaxshilash maqsadida “O‘zbekneftgaz” va “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatlarining umidsiz debitor qarzlari hisobdan chiqarildi. “O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyatining kreditor qarzdorliklari byudjet ssudalari orqali kamaytirildi. 

Iqtisodiyot tarmoqlarini yoqilg‘i-moylash mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash uchun neftni qayta ishlash korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish maqsadida salmoqli mablag‘lar ajratildi. 

Soliqlarni taqsimlash tizimi qayta ko‘rib chiqilishi orqali neftni qayta ishlash korxonalari ixtiyorida yiliga 670 milliard so‘m, elektr stansiyalari hisobida 100 milliard so‘m mablag‘ qoldirildi. 

Fermer xo‘jaliklari bir necha marta tugatilishi va qayta tashkil etilishi hisobiga tijorat banklari yo‘qotgan likvidlikni qoplash uchun mablag‘ yo‘naltirildi. 

Monopol korxonalarning yuqori likvidli 27 turdagi mahsulotlarini faqat elektron birja savdosi orqali ichki bozorga sotish mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi, davlat tomonidan ularning narxini deklaratsiya qilish tartibi bekor qilindi. 

Biroq, shunga qaramasdan, joriy yil 1-mart holatiga ko‘ra, iqtisodiyot tarmoqlarida jami debitor va kreditor qarzdorlik o‘tgan yilga nisbatan mos ravishda 16 foiz va 13 foizga oshgan. Muddati o‘tgan debitor qarzdorlik yil boshiga nisbatan 60 foizga kamayishiga erishilgan bo‘lsa-da, o‘tgan yilgi qarzdorlikdan 2,7 barobar ko‘p. 

Jami debitor qarzdorlikning salmoqli qismi yoqilg‘i-energetika kompleksiga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu sohadagi debitor qarzdorlik yil boshiga nisbatan 16 foizga oshgani kuzatilgan. Mashinasozlik va paxtani qayta ishlash kompleksida 13,7 foizga, qurilish va transport masalalari kompleksida 20 foizga oshgan. 

Birgina “O‘zbekneftgaz” va “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatlari tizimida muddati o‘tgan debitor qarzdorlik 460 milliard so‘mga yetgan. “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatida 341 milliard so‘mlik muddati o‘tgan qarzdorlik hosil bo‘lgan. “O‘zavtosanoat”, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatlarida ham debitor qarzdorlik yuqoriligicha qolmoqda. 

– Biror tashkilotga rahbar tayinlandimi, u ishni hisob-qitob tizimini tartibga solishdan boshlashi kerak. Bizda esa aksincha, texnik-iqtisodiy tomoni bilan shug‘ullanishga kirishadi. Iqtisodiyotda qarzdorliklarni kamaytirish bo‘yicha tizimni o‘zgartirish davri keldi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Davlatimiz rahbari fermer xo‘jaliklarining soliq borasidagi qarzdorligini ham kamaytirish zarurligiga e’tibor qaratdi. Chunki mashina-traktor parklari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishning joriy mexanizmi ta’sirida fermer xo‘jaliklarining “O‘zagroservis” aksiyadorlik jamiyati oldidagi qarzdorligi oshib bormoqda. 

Soliq va kadastr idoralari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik samarali yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida soliq idoralari bazasida 212 ming gektar yerga ega 3 ming 247 fermer xo‘jaligi haqidagi ma’lumot mavjud emas, kadastr idoralarida ro‘yxatga olingan 405 ming 508 turar va noturar joy obyekti soliq idoralarida hisobga olinmagan. Buning oqibatida byudjetga yagona yer solig‘i bo‘yicha 1,8 milliard so‘m tushmasdan qolgan. 

Hozirgi kunga qadar 1 million 100 mingdan ortiq turar joylarning kadastr hujjatlari mavjud emas va bu obyektlar soliq bazasida hisobga olinmasdan kelmoqda. 

Joriy yil 1-aprel holatiga ko‘ra, byudjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalardan soliq qarzdorligi ham yuqori.

O‘z navbatida, 2015-2017 yillarda korxonalarga soliq imtiyozlari asossiz taqdim qilingani natijasida byudjet va byudjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalarga 49,2 milliard so‘m undirilmagan. Bundan tashqari, bojxona omborlarida 90,5 million dollarlik tovarlar 3 yildan ortiq muddat davomida saqlab kelinmoqda. 

Iqtisodiyot tarmoqlarida mahsulot ishlab chiqarish va realizatsiya qilishning aniq hisobi hanuzgacha mavjud emasligi, davlat idoralari o‘rtasida elektron hamkorlik va ma’lumot almashuvi yo‘lga qo‘yilmagani, soliq, bojxona nazorati tizimi yetarlicha tartibga solinmagani, qarzdorlikni undirish tizimi samarasizligi, mazkur sohada o‘rnatilgan javobgarlik choralari mansabdor shaxslar va fuqarolarning to‘lov intizomiga so‘zsiz rioya etish borasidagi mas’uliyatini oshirish uchun yetarli emasligi ushbu qarzdorliklar kelib chiqishining asl sabablari hisoblanadi. 

Yig‘ilishda Prezidentimiz Bosh vazir o‘rinbosarlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga iqtisodiyot tarmoqlarida hisob-kitoblar tizimini takomillashtirish, debitor, kreditor va byudjet oldidagi qarzdorliklarni qisqartirish, tuman, viloyat va respublika darajasida soliq organlari, banklar, xizmat ko‘rsatuvchi va boshqa idoralar o‘rtasida har oy yakuni bo‘yicha o‘zaro qarzdorlik holatini solishtirib borish tizimini joriy etish, solishtirmalar asosida qarzdorlik ahvolini Vazirlar Mahkamasi komplekslarida har oyda jiddiy muhokama qilish, davlat idoralari o‘rtasida elektron hamkorlik va ma’lumot almashuvini yo‘lga qo‘yish borasidagi ishlarni jadallashtirish yuzasidan topshiriqlar berdi.