Qaraqalpaqstan Rеspublikasi statistika basqarmasi

1-K shakli (aylıq) hár ay, esabat dáwirinen keyingi aydıń 2-sánesinen keshiktirmey;   elektron kóriniste tapsırıwdı umıtpań!!! 1-K shakli (месячная) не позднее 2-го числа месяца, после отчетного периода;   Пожалуйста, не забудьте предоставить отчеты в электронном виде!!!

Faol tadbirkorlik va innovatsion faoliyatnirivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaratishbo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

08.05.2018

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirish hamda aholi hayot darajasi va farovonligining barqaror o‘sishiga imkon beruvchi faol tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga, innovatsion g‘oya va texnologiyalarni joriy etishga, fan va innovatsion faoliyat jadal rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlil natijalari mamlakatda faol tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilashga to‘sqinlik qiluvchi, jumladan, quyidagi qator tizimli muammolar mavjudligidan dalolat beradi: 

birinchidan, hududlarning mavjud resurs bazasi va salohiyatini hisobga olgan holda ilg‘or va zamonaviy innovatsion ishlanmalar, texnologik loyihalar-startaplar va innovatsiyalar bozorini tizimli tahlil qilish yo‘lga qo‘yilmagan; 

ikkinchidan, innovatsion loyihalar-startaplarga investitsiyalarni jalb etish, ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish sohasiga innovatsiyalarni faol joriy qiluvchi iqtidorli tadbirkorlar faoliyatiga ko‘maklashish va muvofiqlashtirish ishlari lozim darajada amalga oshirilmayapti; 

uchinchidan, innovatsion rivojlanish sohasida, ayniqsa, joylarda ishbilarmonlik muhiti past darajada, shuningdek, innovatsion va muvaffaqiyatli texnologik loyihalar-startaplarni ishlab chiqish va ilgari surish bo‘yicha zarur ko‘nikmalarga ega tadbirkorlarning yetishmovchiligi saqlanib qolmoqda; 

to‘rtinchidan, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarning ma’lumotlar bazasi mavjud emas, yangi resurslarni yaratish va tajribani biznes-tuzilmalarga o‘tkazish amaliyoti rivojlanmasdan qolmoqda; 

beshinchidan, innovatsion ishlanmalar bozorini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari sust darajada ishlab chiqilgan, innovatsion g‘oyalardan samarali foydalanishni muvofiqlashtirish yo‘lga qo‘yilmagan, innovatsion ishlanmalarning sifati esa bozor talablariga javob bermaydi; 

oltinchidan, innovatsion ishlanmalar, texnologik loyihalar-startaplar sohasiga texnika oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari va iqtidorli yoshlarni jalb etishga, shuningdek, biznes-inkubatorlarni yaratishga lozim darajada e’tibor qaratilmayapti; 

yettinchidan, aholi o‘rtasida innovatsion tadbirkorlikni ommalashtirish ishlari samarali olib borilmayapti, innovatsion mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqishga va ilgari surishga jalb qilishda texnik va psixologik to‘siqlar saqlanib qolmoqda. 

Mavjud muammolarni bartaraf etish hamda faol tadbirkorlikni rivojlantirish, innovatsiyalar bozorining shakllanishi va faoliyat ko‘rsatishi, shuningdek, mahalliy va xorijiy innovatsion ishlanmalarni iqtisodiyotning real sektoriga ilgari surish uchun qulay huquqiy va tashkiliy shart-sharoitlarni yaratish maqsadida: 

1. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining davlat-xususiy sheriklik shartlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida innovatsion loyihalar-startaplarni ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va o‘zlashtirish, innovatsion faoliyat natijalarini transfer qilish va tijoratlashtirishni amalga oshiruvchi Innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar markazlarini (keyingi o‘rinlarda markazlar deb yuritiladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin. 

Belgilansinki, markazlar o‘z faoliyatini tijorat asosida amalga oshiradi va tashkil etilgan paytdan boshlab besh yil muddatga barcha turdagi soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi. 

2. Quyidagilar markazlarning asosiy vazifalari etib belgilansin: 

ishlab chiqarish va xizmatlarning yangi va zamonaviy turlarini yaratish maqsadida hududlarning salohiyati va resurs bazalarini chuqur tadqiq qilish; 

innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida innovatsion menejmentni rivojlantirish; 

yangi va talab yuqori bo‘lgan mahsulot (ish, xizmat)larni ishlab chiqish bo‘yicha innovatsion loyihalar-startaplarni, jumladan, xorijda qo‘llaniladigan ilg‘or uslub va texnologiyalardan foydalangan holda ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va o‘zlashtirish; 

innovatsiyalar bozorining marketing tadqiqotlarini o‘tkazish, ishlab chiqarilgan innovatsion mahsulot (ish, xizmat)lar bozorlarini shakllantirish, ularning bozor talablariga yo‘naltirilishi va moslashishi uchun tavsiyalar ishlab chiqish; 

investorlar va innovatsion mahsulot (ish, xizmat)lar iste’molchilarini qidirib topish ishlarini, jumladan, innovatsion infratuzilma subyektlari o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish orqali tashkil etish; 

innovatsion faoliyatni amalga oshirish masalalari bo‘yicha manfaatdor shaxslarning keng doirasiga maslahat berish, aholi va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni ommalashtirishga qaratilgan reklama va ko‘rgazma tadbirlarini tashkil etish; 

qo‘shma innovatsion loyihalarni amalga oshirish maqsadida ishlab chiqarish korxonalari, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari, startaplar hamda sanoat va qishloq xo‘jaligining ustuvor tarmoqlaridagi boshqa sheriklar bilan innovatsion hamkorlikni rivojlantirish; 

innovatsion faoliyatning ishlab chiqilgan va muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan natijalarini ilgari surish va tijoratlashtirish. 

3. Markazlarni tashkil etishda quyidagilar davlat-xususiy sheriklikning asosiy shartlari etib belgilansin: 

markazlarni tashkil etish va ularga tegishli infratuzilmani (transport bog‘lamalari, avtostansiyalar, avtobekatlar mavjudligi va h.k.) qurish uchun zarur yer uchastkalari, bo‘sh binolar xususiy sheriklarga haq undirilmasdan, istisno tariqasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar asosida ajratiladi; 

markaz binolarini qurish uchun yer uchastkalarini tanlash belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi; 

davlat va xususiy sheriklar tenglik asosida markazlarning ta’sischilari sifatida ishtirok etadi; 

davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuv markazlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab yigirma yil muddatgacha tuziladi; 

markazlar faoliyatining yo‘nalishi davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuv amal qilishining butun muddati davomida saqlanib qoladi; 

markazlarning intellektual mulk obyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga qilingan xarajatlarini qoplash Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi; 

davlat sherigi iqtisodiyot tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish, jumladan, ishlab chiqariladigan mahsulotlarni davlat xaridlari doirasida tijoratlashtirish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha shart-sharoitlarni yaratishga ko‘maklashish majburiyatini oladi; 

davlat va xususiy sheriklarning huquqlari va majburiyatlari, shuningdek, davlat-xususiy sheriklikning boshqa shartlari davlat va xususiy sheriklar o‘rtasida Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Kuzatuv kengashining roziligi bilan tuziladigan kelishuvlarda belgilanadi. 

4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-yanvardagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF–5308-son Farmoni bilan quyidagilar 2023-yil 1-yanvarga qadar muddatga yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari, barcha turdagi soliq va majburiy to‘lovlar to‘lashdan ozod qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin: 

yuqori texnologiyali tadbirkorlik loyihalari-startaplarni birgalikda moliyalashtirish uchun tashkil qilinadigan venchur fondlar; 

venchur fondlardan birgalikda moliyalashtiriladigan yuqori texnologiyali loyihalar-startaplar; 

ilmiy-tadqiqot muassasalari, innovatsion markazlar, loyiha-konstruktorlik byurolari o‘zlarining yangi texnologiyalarini tadbirkorlarga sotishdan (foydalanishga berishdan) olingan daromadlar bo‘yicha; 

yangi texnologiyalarni mahalliy tadbirkorlikka transfer qiluvchi tashkilotlar bu faoliyatdan olingan daromadlari bo‘yicha. 

Davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari rahbarlariga ularning tarmoq ixtisosliklarini hisobga olgan holda mablag‘lari markazlarning tadqiqotlari va ishlanmalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan, jumladan, ularning ustav kapitaliga kirish orqali korporativ venchur fondlarni tashkil qilish tavsiya etilsin. 

5. Belgilab qo‘yilsinki: 

markazlar uchun Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining innovatsion loyihalarni moliyalashtirish umumiy hajmining 10 foizidan kam bo‘lmagan miqdordagi mablag‘larini zaxira qilish nazarda tutiladi; 

markazlarni davlat-xususiy sheriklik shartlarida tashkil etishda davlat sherigi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, boshqa davlat organlari, korxonalar va tashkilotlar ishtirok etishi mumkin; 

xususiy loyihalarni tanlab olishning asosiy mezonlari davlat sherigi tomonidan belgilanadi; 

kelishuv xususiy sheriklar tashabbusi bilan bekor qilinganda ularning markazlarni tashkil qilishdagi xarajatlari qoplanmaydi, qurilishi tugallanmagan obyekt davlat mulkiga o‘tkaziladi va xususiy sheriklarni qidirib topish mazkur qarorga muvofiq qaytadan o‘tkaziladi; 

markazlarning qurilayotgan binolariga barcha zaruriy tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, kommunal infratuzilmalarni olib kelish elektr energiyasi qismi bo‘yicha – “O‘zbekenergo” AJ hisobidan, gaz ta’minoti qismi bo‘yicha – “O‘ztransgaz” AJ hisobidan, telekommunikatsiya tarmoqlari qismi bo‘yicha – “O‘zbektelekom” AK hisobidan, avtomobil yo‘llarini qurish qismi bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi hisobidan, suv ta’minoti, kanalizatsiya va avtostansiyalarni qurish qismi bo‘yicha – Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari mablag‘lari hisobidan markazlarni tashkil etish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvda belgilangan muddatlarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi; 

markazlarning binolari foydalanishga qabul qilinganidan keyin mahalliy davlat hokimiyati organlari qulay transport yo‘nalishlari va yo‘lovchi transportining bir maromda ishlashini tashkil etadi. 

6. Tijorat banklariga markazlar tomonidan innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni amalga oshirishda, jumladan, markazlarga va boshqa tadbirkorlik subyektlariga imtiyozli kreditlarni ajratish orqali keng ishtirok etish tavsiya qilinsin. 

7. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi: 

ikki oy muddatda potensial investorlarni qidirib topish va ular bilan mazkur qarorda belgilangan davlat-xususiy sheriklik shartlarida markazlarni tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuvlarni tuzishni; 

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda markazlarni tashkil etishda qatnashishga jalb qilish, jumladan, grant va homiylik mablag‘larini ajratish maqsadida xalqaro va xorijiy tashkilotlar, moliya institutlari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazishni; 

bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida markazlarga ishlab chiqariladigan mahsulotlarni, jumladan, davlat xaridlari doirasida tijoratlashtirish imkoniyatlarini kengaytirishda har tomonlama ko‘maklashadigan Markazlar ishlanmalarini tijoratlashtirish yagona markazini tashkil etish to‘g‘risida takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritishni; 

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyatini keng yoritish hamda aholi va tadbirkorlik subyektlariga yetkazishni ta’minlasin. 

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga mazkur qaror shartlarini qo‘llagan holda tuman (shahar)larda markazlarni tashkil qilishga ruxsat etilsin. 

8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari uch oy muddatda davlat va xususiy sheriklarning murojaatlari bo‘yicha markazlarni tashkil qilish uchun yer uchastkalari yoki bo‘sh binolarni, jumladan, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari optimallashtirilishi hisobiga bo‘shaydigan binolarni ajratishni ta’minlasin yoxud ularni namunali loyihalar bo‘yicha quriladigan davlat xizmatlari markazlari binolarida joylashtirishni nazarda tutsin. 

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.R.Xolmuradov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu.Abduraxmonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

 Sh.MIRZIYOYEV Toshkent shahri, 2018-yil 5-may