Qoraqalpog’iston Respublikasi statistika boshqarmasi

1-K shakli (aylıq) hár ay, esabat dáwirinen keyingi aydıń 2-sánesinen keshiktirmey;   elektron kóriniste tapsırıwdı umıtpań!!! 1-K shakli (месячная) не позднее 2-го числа месяца, после отчетного периода;   Пожалуйста, не забудьте предоставить отчеты в электронном виде!!!

Kichik biznes va tadbirkorlik

Qoraqalpog‘iston Respublikasida

kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi

Mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish va barqaror iqtisodiy o‘sish sur‘atlarini ta‘minlash imkonini bermoqda. 2000-2016 yillarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning YaHMdagi ulushi 26,9 foizdan 57,0 foizga o‘sib, 30,1 foiz birlikka ortgan (1-rasm).

1-rasm. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning YaHMdagi ulushi

 

Kichik biznes sub‘ektlarining demografiyasi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub‘ektlarini har tomonlama qo‘llab quvvatlash va ularga qulay shart-sharoitlar yaratib berish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida ularning soni yil sayin oshib bormoqda. 2017 yil 1 yanvar holatiga respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan kichik biznes sub‘ektlari soni (dehqon va fermer xo‘jaliklaridan tashqari) 10092 tani tashkil etib, 2000 yilga nisbatan  5250 taga yoki 2,1 barobar ko‘paygan (2-rasm).

2-rasm. Faoliyat ko‘rsatayotgan kichik biznes sub‘ektlari soni

(1 yanvar holatiga, ming birlikda)

2017 yil 1 yanvar holatiga iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha 2728 ta kichik biznes sub‘ektlari (jami sub‘ektlarning 27,0 foizi) savdo sohasida, 1164 tasi (11,5 foizi) sanoatda, 1239 tasi (12,3 foizi) qurilishda, 1438 tasi (14,2 foizi) qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaliklarida, 742 tasi (7,4 foizi) yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish sohasida, 750 tasi (7,4 foizi) yuk tashish va saqlash sohasida va 1423 tasi (14,1 foizi) boshqa sohalarda faoliyat ko‘rsatmoqda (3-rasm).

3-rasm. 2017 yil 1 yanvar holatiga faoliyat ko‘rsatayotgan kichik biznes sub‘ektlari sonining iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha taqsimlanishi (jamiga nisbatan foizda)

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida bandlik. 2000 yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida mehnat faoliyati bilan band bo‘lganlar soni 226,5 ming kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2010 yilda bu ko‘rsatkich 412,7 ming kishini, 2016 yilda esa 479,6 ming kishini tashkil etib, mazkur sohada band bo‘lganlar soni 2000 yilga nisbatan solishtirilganda 253,1 ming kishiga yoki 2,1 barobar ko‘payganligini ko‘rish mumkin (4-rasm).

2016 yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida band bo‘lganlarning 43,8 foizi (279,4 ming kishi) yakka tartibdagi tadbirkorlik sohasida, 17,7 foizi (94,0 ming kishi) kichik korxona va mikrofirmalarda mehnat faoliyati bilan band bo‘lgan.

4-rasm. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikda band bo‘lganlar soni

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida band bo‘lganlarning iqtisodiyotda band bo‘lganlar umumiy sonidagi ulushi 2000 yilda 46,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2005 yilda bu ko‘rsatkich 65,4 foizni, 2010 yilda 71,1 foizni, 2016 yilda esa 75,1 foizni tashkil etib, 2000 yilga nisbatan 28,8 foiz birlikka oshgan (5-rasm).

5-rasm. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning iqtisodiyotda band bo‘lganlar umumiy sonidagi ulushi

Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari rivojlanishida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning o‘rni. Kichik biznesning iqtisodiyotdagi ahamiyati uning sohada raqobat muhitini ta‘minlash, yirik korxonalar uchun mahsulot yetkazib berish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, bozor tizimining moslashuvchanligini oshirish, resurslarni ishlab chiqarishga safarbar etish, soliq tushumlari hajmining o‘sishini ta‘minlash, aholi daromadlari darajasini barqarorlashtirish kabi omillar bilan belgilanadi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi ichki bozorimizni raqobatbardosh va sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirishda, aholini ish bilan ta‘minlash va daromadi ko‘payib, farovonligi oshib borishiga erishishda eng asosiy omillardan biri hisoblanadi.

 Sanoat. Mazkur tarmoqda kichik biznes sub‘ektlarining yuqori sur‘atlarda o‘sishi, qulay ishbilarmonlik muhitining yaratilishi, yagona soliq to‘lovi stavkalarining pasaytirilishi, resurslardan va ishlab chiqarish infratuzilmalaridan foydalanishga ruxsat berish shartlarining soddalashtirilishi hamda kichik biznes sub‘ektlarini yirik kompaniyalar bilan kooperatsiya aloqalarining kuchayishi natijasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning sanoat  mahsulotlari ishlab chiqarish hajmidagi ulushi 2000 yildagi 19,8 foizdan 2016 yilda 26,6 foizga yoki 6,8 foiz birlikka sezilarli daraja o‘sdi (6-rasm). 

6-rasm. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning sanoatdagi ulushi

2016 yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub‘ektlari tomonidan 1133,4 mlrd.so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan (jami sanoat mahsulotlarining 26,6 foizi) yoki 2000 yilga nisbatan 6,8 foizga o‘sgan.

So‘nggi yillarda sanoatning asosiy tarmoqlarida, ayniqsa oziq-ovqat sanoati, yengil sanoat, qurilish materiallari sanoati, mashinasozlik va metallga ishlov berish sanoati, kimyo va neft-kimyo sanoati hamda farmatsevtika sanoatida faoliyat yuritib kelayotgan kichik biznes sub‘ektlari sonining oshib borayotganligi va ular tomonidan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning yuqori o‘sish sur‘atlari qayd etilayotganligi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning sanoatdagi ulushini barqaror ravishda oshib borishini ta‘minlashda asosiy omillardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.  

Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 7 apreldagi PF-4609-son “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoniga muvofiq, sanoatning sermehnat tarmoqlari bo‘lmish oziq-ovqat sanoati, yengil sanoat va qurilish materiallari sanoati tarmoqlarida kichik korxonalar xodimlarining o‘rtacha yillik cheklangan soni 200 kishigacha oshirilganligi mazkur tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan kichik biznes sub‘ektlari sonining ko‘payishiga imkoniyat yaratib berayotganligini alohida qayd etish zarur.

Hududlar kesimida tahlil qilinganda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning sanoatdagi ulushi 2000-2016 yillarda Shumanay tumanida 98,4 foiz birlikka o‘sgan. Shuningdek, Qorauzyak tumanida 70,1 foiz, Taxtako‘pir tumanida  80,3 foiz birlikka ko‘paygan (1-jadval).

1-jadval

Hududlar bo‘yicha kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning sanoatdagi ulushi                                                                                                                              (foizda)

1-jadval ma‘lumotlariga asosan 2016 yilda hududlar bo‘yicha kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning sanoatdagi ulushi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Shumanay tumanida 100,0 foizni tashkil etgan. Shuningdek, Qorauzyak tumanida bu ko‘rsatkich 99,9 foizni va Taxtakupir tumanida 99,7 foizni tashkil etgan.

Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha o‘rta darajada bo‘lgan Chimboy, Nukus, Qung‘irot, To‘rtko‘l, Beruniy, Ellikqala, Amudaryo va Kegeyli tumanlari 40,5-88,7 foiz oralig‘idagi ko‘rsatkichlarni qayd etgan.

Xo‘jayli tumanida bu ko‘rsatkich 22,7 foizni, Qonliko‘l tumanida 20,7 foizni, Muynoq tumanida 15,7 foizni va Nukus  shahrida 5,7 foizni tashkil etib, past darajani qayd etgan.

Qishloq xo‘jaligi. Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotimizning muhim tarmoqlaridan biri bo‘lib, aholini oziq-ovqat mahsulotlariga, sanoatni esa xom-ashyoga bo‘lgan talabini qondiradi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mamlakatimiz agrosanoat majmuasining yetakchi tarmog‘i bo‘lib, dehqonchilik, choravachilik va meva-sabzavotchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini o‘z ichiga oladi.

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida qishloq xo‘jaligida chuqur tarkibiy islohotlar o‘tkazilib, sohada bozor munosabatlarini shakllantirish, mulkchilikning nodavlat shakliga o‘tish, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, dehqon va fermer xo‘jaliklari faoliyatini yo‘lga qo‘yish kabi muhim masalalarni hal etishga katta e‘tibor berildi. Bugungi kunda fermerlik harakati jadal rivojlanib, dehqonchilikda g‘allachilik,  paxtachilik, sholikorlik, meva-savzavotchilik hamda chorvachilikda esa qoramolchilik, qo‘ychilik, qorako‘lchilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik yo‘nalishlarida hamda mahsulotlarni qayta ishlash sohalarida faoliyat ko‘rsatayotgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari rivojlanib bormoqda.

Respublikamizda fermer xo‘jaliklarining yuqori sur‘atlarda rivojlanishi natijasida 2000-2016 yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 68,2 foizdan 98,0 foizga oshgan (7-rasm).

7-rasm. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning

qishloq xo‘jaligidagi ulushi

Qurilish. Qishloq joylarda namunaviy uylar qurish bo‘yicha Hukumat dasturlarining qabul qilinishi kichik biznes sub‘ektlari tomonidan respublikamizda, shu jumladan qishloq joylarda qurilish ishlari hajmining barqaror o‘sishini ta‘minladi. Turar joylarning qurilishi bilan birga, ijtimoiy infratuzilma ob‘ektlari, qishloq vrachlik punktlari, umumta‘lim muassasalari, xizmat ko‘rsatish va servis sohalaridagi ob‘ektlarning qurilishi kichik biznes sub‘ektlari tomonidan amalga oshirilmoqda.

  Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub‘ektlarining qurilish sohasidagi ulushi 2000 yilda 27,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2016 yilda 80,3 foizga yetib, 52,8 foiz birlikka sezilarli darajada oshgan (8-rasm).

8-rasm. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning qurilishdagi ulushi

2016 yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub‘ektlari tomonidan 969,4 mlrd.so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan (jami qurilish ishlari hajmining 80,3 foizi) yoki 2015 yilga nisbatan 5,3 foizga o‘sgan. Shu jumladan kichik korxona va mikrofirmalar tomonidan 658,6 mlrd.so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan (jami qurilish ishlari hajmining 52,8 foizi) yoki 2015 yilga nisbatan 3,3 foizga o‘sgan. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan 365,6 mlrd.so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan (jami qurilish ishlari hajmining 29,2 foizi) yoki 2015 yilga nisbatan 1,6 foizga o‘sgan.

Savdo. Chakana savdo tovar aylanmasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub‘ektlarining ulushi 2000 yildagi 27,0 foizdan 2016 yilda 92,9 foizga yetib,  65,9 foiz birlikka oshgan (9-rasm).

9-rasm. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning chakana savdo

aylanmasi hajmidagi ulushi

2016 yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub‘ektlarining chakana savdo aylanmasi hajmi 2740,6 mlrd.so‘mni tashkil etgan (jami chakana savdo aylanmasi hajmining 92,9 foizi). Shu jumladan 941,0 mlrd.so‘mlik chakana savdo hajmi (jami chakana savdo aylanmasi hajmining 34,4 foizi) kichik korxona va mikrofirmalar hissasiga hamda 1794,9 mlrd.so‘mlik chakana savdo hajmi (jami chakana savdo aylanmasi hajmining 65,6 foizi) yakka tartibdagi tadbirkorlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning tashqi savdo faoliyati.  Import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqaruvchi kichik biznes sub‘ektlarining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi eksport hajmida kichik biznesning hissasini oshirish imkonini bermoqda.

Respublikamiz eksportining umumiy hajmida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 2000 yilda 14,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2016 yilda 7,6 foizni tashkil yetgan (10-rasm).

10-rasm. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning eksportdagi ulushi

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida investitsiyalar. Iqtisodiyot tarmoqlarida kichik biznes sub‘ektlarining faol xo‘jalik faoliyati yuritishining muhim indikatorlaridan biri bu kiritilgan investitsiyalar hajmidir. 

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub‘ektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratib berilayotganligi natijasida ular tomonidan

2016 yilda iqtisodiyotga 596,8 mlrd.so‘mlik investitsiyalar kiritildi va bu 2010 yilga nisbatan 3,9 barobar ko‘pdir.

2016 yilda iqtisodiyotga kiritilgan jami investitsiyalar hajmida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 16,0 foizni tashkil etib, 2000 yilga nisbatan 4,7 foiz birlikka oshgan (11-rasm).

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub‘ektlarining mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritilayotgan jami investitsiyalar hajmidagi ulushining oshib borishi ularning yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga qaratilgan investitsiya maqsadlarida jalb qilinayotgan uzoq muddatli kreditlari hajmining oshishi bilan bog‘liqdir. Shu sababli kichik biznes sub‘ektlari tomonidan asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning moliyalashtirish manbalari bo‘yicha tarkibida o‘z mablag‘lari va bank kreditlarining ulushi eng yuqori salmoqni tashkil etadi.

11-rasm. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning asosiy kapitalga

kiritilgan investitsiyalar hajmidagi ulushi

Statistik ko‘rsatkichlar dinamikasi shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ahamiyati yil sayin oshib bormoqda. Mazkur sohalardagi ijobiy tendentsiyalarga bozor islohotlarini chuqurlashtirish va iqtisodiyotni erkinlashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, raqobat muhitini rivojlantirish va xususiy mulkni himoya qilishga oid tizimli kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirilishi hisobiga erishilmoqda.