Welcome to Qaraqalpaqstan Respublikası statistika basqarması   Click to listen highlighted text! Welcome to Qaraqalpaqstan Respublikası statistika basqarması Powered By GSpeech

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarori qabul qilindi.

Bundan ko‘zlangan maqsad-mamlakatimizda ijro tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini so‘zsiz va o‘z vaqtida ijro etishni ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini samarali himoya qilish va ijro ishi yurituvida sansolarlikka chek qo‘yishdan iborat.

Mazkur qarorga binoan, 2019 yil 1 apreldan boshlab sud hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga mediatsiya instituti joriy etiladi. Mediatsiya usuli deb-kelib chiqqan nizoni taraflar o‘zaro maqbul qarorga erishishi uchun ularning ixtiyoriy roziligi asosida mediator ko‘magida hal qilishga aytiladi.

Mediatsiya jarayonida undiruvchining arizasiga ko‘ra ijro ishini yuritish 15 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turiladi. Bunda mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish jarayoniga davlat ijrochisi va davlatning boshqa organlari vakillarining aralashuvi taqiqlanadi. Tomonlar o‘rtasida kelishuv amalga oshirilsa ijro predmetiga doir kelishuv rasmiylashtirilgan holda ijro yuritishi tugatiladi.

Agar, mediatsiya jarayoni uchun belgilangan muddat ichida tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishilmasa yoki tomonlarning biri mediatsiyani davom ettirishdan voz kechsa ijro ishini yuritish qayta tiklanadi.

Shuningdek, mazkur qarorga binoan 2019 yil 1 iyundan boshlab, ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish ijro hujjati kelib tushgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida qo‘zg‘atiladi (hozirda 3 kun ichida qo‘zg‘atiladi). Ijro harakatlari esa ko‘pi bilan ikki marta kechiktirilishi (necha marotaba kechiktirilishi mumkinligi qonunchilikda ko‘rsatilmagan) mumkin.

Ushbu ta’kidlangan sanadan boshlab, Byuro tomonidan Ijro hujjatlarining yagona elektron bazasi ham yuritiladi. Bazada ijro organlari yurituviga kelib tushgan barcha ijro hujjatlari, ma’muriy huquqbuzarlik uchun vakolatli organlar tomonidan solingan va undirilgan ma’muriy jarimalar haqida ma’lumotlar joylashtiriladi.

Qarorga ko‘ra, joriy etilayotgan yana bir yangiliklardan biri, bu 2019 yil 1 oktabrdan boshlab mib.uz veb-saytida bepul asosda ijro harakatlari interaktiv davlat xizmati tizimi joriy etiladi. Ushbu tizim orqali, jumladan Internet tarmog‘i orqali undiruvchi va qarzdor tomonidan ijro harakatlari borishini barcha bosqichlarini kuzatish, shuningdek, qarzni onlayn tarzda to‘lash va ijro hujjati bajarilganligini qayd etish mumkin bo‘ladi. Mazkur tizimdan my.gov.uz portali orqali ham foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, qarorda Byuroga shartnoma-vositachilik asoslarida sotishga topshiriladigan mol-mulkni internet-do‘konlar, jumladan, mobil ilovalar, elektron to‘lov tizimlari orqali sotish imkoniyatni yaratish,  shuningdek, davlat bojlari, ma’muriy jarimalar va boshqa to‘lovlarni elektron to‘lov tizimlaridan foydalangan holda internet orqali to‘lash bo‘yicha davlat xizmatini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Shuningdek, ma’muriy jarimaga tortish to‘g‘risidagi qarorlarni ijro etishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish kutilmoqda. Bunda qarzdorga jarimaga tortish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan sanadan boshlab o‘n besh kun ichida jarima miqdorining 70 foizi ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda qolgan summani to‘lashdan ozod etish nazarda tutilgan.

Xulosa tarzida aytadigan bo‘lsak, majburiy ijro jarayonlariga yuqoridagi kabi qulayliklarning joriy etilishi kelgusida jarayonlarni soddalashtirish va shaffoflikni ta’minlash bilan birga turli ovoragarchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

 

Gauxar Yusupbaeva

MIB Nukus shahar bo‘limi davlat ijrochisi

Tugmani bosing Tinglash