Welcome to Qaraqalpaqstan Respublikası statistika basqarması   Click to listen highlighted text! Welcome to Qaraqalpaqstan Respublikası statistika basqarması Powered By GSpeech
Biz    va

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, mikroorganizmlar biotexnologiyasi laboratoriyasi olimlari tomonidan Orol dengizining qurigan maydonidan uchadigan tuzlarning zararli ta’sirini kamaytiruvchi biotexnologiya ixtiro qilindi.

Bu haqida O‘zA muxbiri Ye.Qanoatovga mazkur laboratoriya mudiri Baxtiyor A.Rasulov ma’lum qildi.

Olimga ko‘ra, mazkur biotexnologiya tuproqlarda uchraydigan ayrim rizobakteriyalarning noyob biopolimerlari – polisaxarid asosidagi bioflokulyantlarining biologik faolligiga asoslanadi. Ushbu biomateriallar tuzlar tarkibidagi kationlar (Na+, K+, Mg+2, Ca+2 va boshqalar)ni yuqori faollikda biriktirishi orqali tuproqlar tarkibidagi tuzlarni bog‘lash – zararsizlantirish xususiyatiga ega. Bioflokulyant birikmalar gel – o‘ziga xos quyuq suspenziya holatida qo‘llaniladi.

Rizobakteriya shtammlarining biomateriallari sintezi va ularning to‘liq fizik-kimyoviy tavsiflash borasidagi ilmiy tadqiqotlar 2012 yilda boshlangan. O‘sha vaqtda o‘simliklar, jumladan bug‘doy va g‘o‘za ildizi tuproqlaridan iqtisodiy ahamiyatga ega, qishloq xo‘jaligida qo‘llash mumkin bo‘lgan bir qator bakteriya shtammlari ajratib olindi. Bu bakteriya shtammlari Azotobacter, Rhizobium, Bradyrhizobium avlodlariga mansub bo‘lib, bioflokulyantlar sintezlashidan tashqari, havo azotini o‘zlashtirish hisobiga qishloq xo‘jaligida biologik azot (bioselitra) sifatida ham qo‘llash mumkinligi aniqlangan. O‘rni kelganda aytib o‘tish lozimki, ana shu bakteriya shtammlari asosida sho‘r tuproqlarda qishloq xo‘jalik ekinlarining hosildorligini oshiruvchi “Bioazot” biologik o‘g‘iti ham yaratildi va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida qo‘llash uchun ruxsat etildi. 

Olib borilgan keyingi tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, ajratib olingan bakteriya shtammlari noyob xususiyatli biomateriallar – bioflokulyantlar hosil qila olishi aniqlangan.

Shu o‘rinda bioflokulyantlarga qisqacha ta’rif berib o‘tish maqsadga muvofiq. Bioflokulyatlar o‘ziga xos biopolimerlar – uzun zanjirli birikmalar hisoblanib, tarkibi polisaxaridlar va oqsillardan iborat bo‘lishi mumkin. Ular tabiiy birikmalar hisoblanadi. Shuning uchun, ayniqsa keyingi 15-20 yilda dunyo bo‘ylab yangi-yangi bioflokulyantlar olish, ularni turli maqsadlarda qo‘llash borasida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.

– Biz ham O‘zbekiston sharoitlarida mikrob hujayrasi yordamida bioflokulyantlar hosil qilish borasida dastlabki ishlarni olib bordik, –deydi olim. – Bioflokulyantlarning yana bir xususiyati – nanozarralar hosil bo‘lishida o‘ziga xos nanoreaktor vazifasini ham o‘taydi. 

Ularning bu xossalaridan foydalangan holda, 2013-2016 yillar davomida bakteriya bioflokulyantlari asosida kumush nanozarralari olish va ulardan tibbiy maqsadlarda qo‘llash borasida ham ilmiy loyihalar bajarildi. Ko‘p maqolalarimiz horijda, Springer, Elsevier, Frontiers, MPDI nashriyotlari ilmiy jurnallarida e’lon qilindi.

Hammamizga ma’lum, O‘zbekistonning 80 foizdan ortiq sug‘oriladigan maydonlari sho‘rlangan tuproqli hisoblanadi. Sho‘r tuproqda o‘simlik qiyin o‘sadi, dehqonchilik kasod bo‘ladi. Sababi, tuz o‘simlikning rivojlanishini cheklaydi. Hujayralari, to‘qimalarining nobud bo‘lishiga sababchi bo‘ladi. Buning oldini olish – tuzning salbiy ta’sirini cheklash uchun bakteriya shtammlaridan olingan bioflokulyantlarni qo‘llash borasida ilmiy ishlar olib borildi. Bu borada, Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar Akademiyasi (XXR FA) fizika va kimyo instituti, XXR FA ekologiya va geografiya instituti, XXR FA gidrobiologiya institutlari bilan ilmiy hamkorlik olib borildi. Uzoq yillik izlanishlardan so‘ng bioflokulyantlarnnig tuproq tarkibidagi tuzlarni bog‘lash xususiyatlari, undan qishloq xo‘jaligida qo‘llash istiqbollari tadqiq etildi. So‘nggi tadqiqotlarimizga ko‘ra, 100 g bioflokulyant namunasi 8 foizgacha Na+, 22,5% gacha K+ kationini bog‘lay oladi. Bioflokulyant ta’sirida tuzlar erimaydigan komplekslar hosil qiladi. Tuz, hammamizga ma’lum, suvli eritmalarda salbiy ta’sirga ega. Bioflokulyantlar ta’sirida tuzlar suvda erimaydigan holatga o‘tadi.

Biz sintezlagan bioflokulyantlarning yana bir xususiyati, tuproqning o‘ziga xos jipslashuvi va shu orqali tuproqda namlikni uzoq vaqt saqlanishiga yordam beradi. Bunda, tuproq tarkibidagi tuz va qumning uchishining oldi olinadi.

Yana bir ishlanmamiz – azot o‘zlashtiruvchi rizobakteriyalar asosidagi biologik o‘g‘itimiz – “Bioazot”, uni qishloq xo‘jaligida ham qo‘llash mumkin. Bu biologik vosita azotli mineral o‘g‘itlar o‘rnini to‘laqonli bosishga imkon beradi. Aslida bu inqilobiy yangilik. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, mineral o‘g‘itlar ham mohiyatan tuz. Tuproqqa solsak tuproqning minerallashuvi – sho‘rlanishi ortadi. Bundan kelib chiqadiki, o‘z qo‘limiz bilan shundoq ham sho‘rlangan tuproqlarimizni sho‘rlayapmiz. Mineral o‘g‘itlarni biologik o‘g‘itlarga almashtirish g‘oyasi qator ilmiy loyihalarni bajarishga turtki bo‘ldi. Natijada yuqoridagi bioo‘g‘itimiz – “Bioazot” biopreparati yaratildi. O‘g‘it tarkibidagi rizobakteriyalar havo azotini o‘simliklarga ozuqa azot sifatida yetkazib beradi. Avval mineral azot bilan o‘g‘itlangan bo‘lsa, endi biologik azot bilan oziqlantiriladi. Bu usul ekologik toza, arzon, o‘ta samarali. Sho‘r tuproqli Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Sirdaryo viloyatlarida qo‘llash o‘ta istiqbolli. Ushbu ishlanmamiz – biopreparatimizni katta hajmda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. O‘rni kelganda aytish mumkinki, Xitoy Fanlar Akademiyasi fizika-kimyo instituti bu biopreparatni ishlab chiqarish uchun investor bo‘lishni taklif etdi. Prezidentimiz qo‘llab-quvvatlab, davlat tomonidan investitsiya kiritilishi belgilanganidan so‘ng, xitoylik hamkorlarga o‘zimiz ishlab chiqarishni tashkil etishimizni bildirdik. Shuningdek, Tojikistondan ham bu o‘g‘itga qiziqish katta.

 

Tugmani bosing Tinglash