Qoraqalpog’iston Respublikasi statistika boshqarmasi

1-K shakli (aylıq) hár ay, esabat dáwirinen keyingi aydıń 2-sánesinen keshiktirmey;   elektron kóriniste tapsırıwdı umıtpań!!! 1-K shakli (месячная) не позднее 2-го числа месяца, после отчетного периода;   Пожалуйста, не забудьте предоставить отчеты в электронном виде!!!

O`zR yangiliklari

O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zolari saylandi

Ma’lumki, 2017-yil 21-sentabr kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zoligiga saylov o‘tkazilgan edi. Uning natijasida ushbu akademiyaga 12 nafar yangi a’zo saylangandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 6-martdagi qarori asosida O‘zbekiston Badiiy akademiyasining yangi haqiqiy a’zolari ro‘yxati tasdiqlandi. 

Ushbu ro‘yxatdan grafik rassom Anvar Mamajonov, rangtasvirchi rassomlar – Sarsenboy Boybo‘sinov, G‘ofur Qodirov, Asliddin Isayev, Fayzullaxon Ahmadaliyev, Baxtiyor Nazarov, Ivan Salpinkidi, shuningdek, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Nigora Ahmedova, haykaltarosh Marina Borodina, arxitektor-naqqosh Anvar Ilhomov, usta-rassom Sirojiddin Rahmatillayev, ganchkor usta Mansurjon Murodov o‘rin oldi. 

Ayni vaqtga qadar akademiya tarkibida 27 nafar akademik bor edi. Endilikda ular safiga yuqoridagi ijodkorlar ham qo‘shildi. 

Badiiy yo‘nalishda ijod qilib o‘z maktabi, yo‘nalishini yaratgan, sohasiga yangiliklar kiritgan, shogirdlar tarbiyalagan o‘n ikki yangi a’zo endilikda akademiya ishida bevosita faol ishtirok etadi. Shaxsiy, jamoaviy ko‘rgazmalar tashkil etish, ustoz-shogirdlik an’analarini davom ettirish, tasviriy va amaliy san’at rivoji uchun zarur loyihalarni tashkil etish ularning birlamchi vazifalaridan hisoblanadi.

          13.03.2018                                                                                                              Manba:O‘zA

___________________________________________________________________________

Shavkat Mirziyoyev: Armiya - xalqimizning mustahkam qalqoni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatidagi Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrugga qarashli harbiy qismlardan birida bo‘ldi. 

Mamlakatimiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar qo‘shinlarning jangovar salohiyati va harbiy-ma’muriy sektorlar faoliyatini yanada yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda. 

Mazkur qismda ham harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini oshirish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. O‘quv binolari, auditoriyalar, komputer sinflari, elektron kutubxona, ma’naviyat va ma’rifat xonalari, sport zali eng zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlangan.

Prezidentimiz dastlab Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy razvedka tizimini takomillashtirish, Buxoro viloyati harbiy-ma’muriy sektori faoliyati, viloyatda harbiy shaharcha barpo etish borasidagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. 

Harbiy sohaning jamiyatimizdagi nufuzini oshirish, qism va muassasalar oshxonalarini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha joriy etilgan outsource tizimini yanada kengaytirish, zaxiradagi ofitser kadrlar bilan ishlashni yo‘lga qo‘yish, ta’lim muassasalarida yosh avlodni vatanparvarlik ruhida, faol hayotiy pozitsiyaga ega insonlar etib tarbiyalash masalalari haqida so‘z yuritildi. 

Davlatimiz rahbari qismda harbiy xizmatchilarning yashashi, bilim olishi, jismonan chiniqishi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirar ekan, ularning nazariy bilim va ko‘nikmasi hamda jangovar tayyorgarligini muttasil oshirib borish asosiy e’tiborda bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.

Prezidentimiz tashrifi munosabati bilan harbiy qism shaxsiy tarkibi saf tortdi. Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni ular bilan suhbatda bugungi tahlikali murakkab davrda Vatan himoyachilari zimmasida osmonimiz musaffoligi va xalqimiz tinchligini ta’minlashdek o‘ta mas’uliyatli vazifa turganini, harbiy xizmatchilar har qanday tahdid va xavf-xatarlarga qarshi har lahzada tayyor turishi lozimligini qayd etdi. 

Armiya - xalqimizning mustahkam qalqoni, dedi Shavkat Mirziyoyev. Mamlakatimiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan maqsad armiyani xalqimizga yaqinlashtirishdan iborat. Vatan himoyachilarining xizmat sharoitini yaxshilash, oilasi, farzandlarining ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilayapmiz. Bunga javoban harbiylar ota-bobolarimizga munosib bo‘lishi, zamonaviy bilimlarni puxta egallab, har kuni o‘z ustida ishlashi, tajribasini oshirishi zarur.  

Harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ruhiy  tayyorgarligini oshirib borish, ularni xorijda o‘qitishni tashkil etish, harbiy sohaga qanday dasturlar olib kelish bo‘yicha takliflarni tayyorlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

          17.02.2018                                                                                                    Manba:O‘zA

___________________________________________________________________________

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018-yil 9-yanvar kuni axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, tegishli vazirlik va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. 

 

Bugun mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va kundalik hayotga izchil joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

O‘tgan yili raqamli televideniye qamrovi 88 foizdan 100 foizga yetkazildi. Mobil aloqadan foydalanuvchilar soni 7 foiz oshib, 22,8 millionga yetdi. 2017-yilda axborot texnologiyalari sohasida 7,7 trillion so‘mlik yoki 2016-yilga nisbatan 26 foiz ko‘p xizmat ko‘rsatildi. Investitsiya dasturi doirasida 260 million dollar o‘zlashtirildi. 

Yig‘ilishda erishilgan natijalar alohida qayd etilar ekan, 2018-yilda va yaqin istiqbolda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar haqida ham so‘z bordi. 

Prezidentimiz axborot texnologiyalari sohasida hali qilinadigan ishlar ko‘pligi, erishilgan natijalar boshqa davlatlarga qaraganda ancha past ko‘rsatkichda ekanini ta’kidladi. 

Misol uchun, axborot texnologiyalari sohasining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi Janubiy Koreyada 9 foiz, Yaponiyada 5,5 foiz, Xitoy va Hindistonda 4,7 foiz, O‘zbekistonda atigi 2,2 foizni tashkil etadi. Buni axborot-kommunikatsiya rivojlanish indeksi reytingidagi 176 mamlakat orasida O‘zbekiston 95-o‘rinda ekani ham isbotlab turibdi. 

Yig‘ilishda internet tarmog‘iga ulanish qamrovini kengaytirish va tezligini oshirish, dasturiy ta’minot, telekommunikatsiya sohasida yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan aloqa o‘rnatish, “Elektron hukumat” tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi. 

Internetdan 20 million aholi foydalanadi, deb hisobot bergansizlar. Biroq, milliy internet orqali taklif etiladigan xizmatlar doirasi juda cheklangani sababli aholining aksariyat qismi internetdan faqat “Telegram”da yozishma uchun foydalanadi xolos, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Yig‘ilishda MDH davlatlari bo‘yicha internetning o‘rtacha tezligi biznikidan 10 marta yuqoriligi qayd etildi. Aloqa operatorlari chekka hududlarda, avtomobil va temir yo‘llarga yaqin hududlarda telekommunikatsiyalarni kengaytirishga sarmoya kiritmayotgani ta’kidlandi. 

Mutasaddilarga internet narxini keskin arzonlashtirish, tezligini kamida 4 barobar oshirish, 2020-yilgacha esa MDH davlatlari darajasiga yetkazish chora-tadbirlarini ko‘rish bo‘yicha zarur topshiriqlar berildi. 

Bugun “Xavfsiz shahar” yagona kompleksini yaratish dasturiga muvofiq loyiha konsepsiyasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, Toshkent shahrida 16 mingdan ortiq videokamera o‘rnatish, Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi va Situatsiya markazlarini tashkil etish belgilangan. Shuningdek, “Xavfsiz turizm”, “Xavfsiz hudud”, “112” tizimi, oliy ta’lim muassasalariga imtihon topshirish jarayonlariga videokuzatuv hamda yo‘l harakati qoidalari buzilishlarini ro‘yxatga olish tizimlarini joriy etish ko‘zda tutilgan. 

Yig‘ilishda “Xavfsiz hudud” va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-iyundagi farmoniga asosan tashkil etilgan «Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazi»da 140 dan ortiq korxonaga rezident maqomi berilib, ularda ayni vaqtda 1000 dan ortiq dasturchi mutaxassis ishlamoqda. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida eng zamonaviy texnologiyalar va ta’lim uslublari keng joriy etilmoqda. 

2018-yilda xalqaro tajribani, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanishi tendensiyalarini inobatga olgan holda, “2018-2021-yillarda “Elektron hukumat” tizimini yanada rivojlantirish strategiyasi”ni ishlab chiqish, “Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazi» rezidentlari tomonidan ko‘rsatiladigan ishlar va xizmatlar hajmini kamida 2 barobar hamda eksport hajmini 1,8 barobar oshirish, rezidentlar uchun chet el kompaniyalari bilan hamkorlik qilish va yangi bozorlarga chiqishda ko‘maklashish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi. 

Shuningdek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetini uch yil ichida jahondagi eng obro‘li 1000 universitet safiga kiritishni ta’minlash, sohaning yetakchi universitet va kompaniyalari bilan hamkorlikni mustahkamlash, professor-o‘qituvchilar va talabalarning xorijda stajirovkada bo‘lish va malaka oshirishini keng tashkil etish kerakligi ta’kidlandi. 

Yig‘ilishda dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va buning uchun milliy kadrlar tayyorlash ishlari hali talab darajasida emasligi qayd etildi. Mutasaddilarga dunyoning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi yirik korporatsiyalari bilan raqobatlasha oladigan milliy operator va dasturchilarimiz faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. 

Yig‘ilishda “O‘zbektelekom” kompaniyasining ish samaradorligini oshirish, telekommunikatsiya tarmoqlari orqali xalqaro telefon so‘zlashuvini noqonuniy amalga oshirayotgan subyektlarga nisbatan moliyaviy jazo choralarini qo‘llash, xalqaro tajriba asosida pochta tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqib yanada rivojlantirish, axborot xavfsizligi konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi. 

 10.01.2018

Manba:O‘zA

___________________________________________________________________________

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifini boshladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 5-yanvar kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumaniga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar qildi. 

Zangiota tumanidagi “Highway Logistics” markazida tashkil qilingan bojxona bo‘limi, mavjud texnikalar, transport qatnovi va mahsulotlarni ortish hamda yetkazish tizimi bilan tanishib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va saqlashda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi. 


Bu kabi logistika markazlarini har bir viloyatda tashkil qilish kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Shu yerda Toshkent viloyatining eksport salohiyatini oshirish, 2018-2019-yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlash, charm-poyabzal sohasini rivojlantirish, chorvachilik, issiqxona xo‘jaligini tashkil etish dasturlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 

Prezident loyihalarni yanada takomillashtirish bo‘yicha mutassaddilarga tegishli topshiriqlar berdi. 

Davlat rahbarining Toshkent viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

          05.01.2018

Manba: O‘zA