25/03/2026

Joriy yilning 25-mart kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirokida muhim mavzuga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-son Farmoni hamda PQ-75-son qarorining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida o‘tkazildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi statistika boshqarmasi Investitsiyalar va qurilish statistikasi bo‘limi bosh mutaxassisi D. Abdullaeva ishtirok etib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan batafsil ma’ruza qildi.

Ma’ruzada davlatimiz rahbarining mazkur hujjatlarida belgilangan ustuvor vazifalar va yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, Prezident huzuridagi Statistika agentligini O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etish orqali sohani tubdan isloh qilish, statistika tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish hamda makroiqtisodiy va tarmoqlar kesimida statistik kuzatuvlar samaradorligini oshirish masalalari keng yoritildi.

Shuningdek, statistik hisobotlarni optimallashtirish, biznes subyektlari uchun hisobot topshirish yukini kamaytirish, “mahalladan – respublikagacha” tamoyili asosida ishonchli statistik ma’lumotlar bazasini shakllantirish kabi muhim vazifalar belgilab berilgani ta’kidlandi.

Ma’ruzada 2025-yil yakuniga qadar “Hududlar statistikasi” axborot tizimini ishga tushirish rejalashtirilayotgani, kichik biznes subyektlari uchun yillik statistika hisobotini topshirish tartibi soddalashtirilayotgani alohida qayd etildi. Xususan, xodimlar soni o‘rtacha 5 kishidan kam bo‘lgan hamda yillik tushumi BHMning 2000 barobarigacha bo‘lgan mikrofirma va kichik korxonalar uchun yillik hisobot topshirish majburiyati bekor qilinib, har uch yilda bir marotaba topshirish tartibi joriy etilishi belgilangan.

Bundan tashqari, statistika tizimiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish masalalari ham muhokama qilindi. Jumladan, 2026-yil 1-yanvardan boshlab sun’iy intellekt asosida ishlovchi “Maslahatchi” interaktiv xizmati orqali korxona va tashkilotlarga hisobot topshirishda amaliy yordam ko‘rsatilishi, “Tahlilchi” xizmati orqali foydalanuvchilarga zarur statistik ma’lumotlarni tezkor izlash imkoniyati yaratilishi hamda “Call-markaz” orqali telefon orqali statistik kuzatuvlar o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Iqtisodiy statistika kafedrasi filiali Milliy statistika qo‘mitasi tizimida tashkil etilishi ta’lim va amaliyot integratsiyasini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Tadbir davomida PQ-75-son qaroriga muvofiq Milliy statistika qo‘mitasi tarkibida “Milliy statistika tizimini transformatsiya qilish” ofisi tashkil etilgani, ushbu ofis statistik ma’lumotlar sifatini oshirish, aholi daromadlarini baholash metodologiyasini takomillashtirish, mikro darajadagi kuzatuvlarni kengaytirish hamda foydalanuvchilar bilan samarali muloqot tizimini yo‘lga qo‘yishda muhim rol o‘ynashi alohida ta’kidlandi.

Davra suhbati yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldilar hamda mazkur islohotlarning ahamiyati yuzasidan fikr almashdilar.