13/02/2026

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasining mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish, unda belgilab berilgan ustuvor vazifalar va strategik yo‘nalishlarni xodimlar ongiga chuqur singdirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi statistika boshqarmasida yig‘ilish tashkil etildi.

Mazkur yig‘ilishda boshqarma rahbariyati, bo‘lim boshliqlari hamda barcha xodimlar ishtirok etdi. Tadbir avvalida so‘zga chiqqan boshqarma rahbari tomonidan Murojaatnomada ilgari surilgan asosiy g‘oyalar, jumladan, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, statistika tizimini takomillashtirish, aholining turmush darajasini oshirish hamda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasidagi ustuvor vazifalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Yig‘ilish davomida Murojaatnomada belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyati atroflicha tahlil qilinib, ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi. Xususan, statistik ma’lumotlarning aniqligi va ishonchliligini ta’minlash, zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash jarayonlarini yanada takomillashtirish, shuningdek, fuqarolarga sifatli va tezkor statistik xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, yig‘ilishda xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish, ularni doimiy o‘qitish va malakasini takomillashtirish, yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash hamda jamoada sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish masalalari ham keng muhokama qilindi. Ishtirokchilar tomonidan Murojaatnomada ilgari surilgan tashabbuslar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari bildirilib, amaliy takliflar ilgari surildi.

Tadbir yakunida boshqarma rahbari tomonidan Murojaatnomada belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish har bir xodimning muhim burchi ekanligi alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, barcha xodimlar o‘z faoliyatida mas’uliyatni yanada oshirib, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar asosida samarali ish olib borishga chaqirildi.