21/07/2026

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi statistika boshqarmasi xodimlari uchun kiberxavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.

Seminarda IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasining mas’ul xodimi N. Jumabaev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi statistika boshqarmasi boshlig‘i T. Ganiyev hamda boshqarma xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida bugungi kunda internet tarmog‘i va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish jarayonida eng ko‘p uchrayotgan kiberjinoyat turlari, ularning sodir etilish usullari hamda bunday tahdidlardan himoyalanishning samarali yo‘llari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Xususan, seminar ishtirokchilariga:

  • Telegram va boshqa messenjerlar orqali tarqatilayotgan zararli APK-fayllar, virusli havolalar hamda soxta mobil ilovalarning xavfi;
  • fuqarolar nomiga noqonuniy ravishda onlayn kredit rasmiylashtirish bilan bog‘liq firibgarlik sxemalari;
  • soxta internet-do‘konlar va qalbaki to‘lov sahifalari orqali bank kartalari ma’lumotlarini qo‘lga kiritish holatlari;
  • shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, murakkab parollardan foydalanish va ikki bosqichli autentifikatsiyani yoqishning ahamiyati yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.

Seminar yakunida xodimlar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar taqdim etildi hamda kiberxavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish bugungi raqamli davrning muhim talabi ekanligi alohida ta’kidlandi.