Joriy yilning 9-dekabr kuni 17071-harbiy qism markazida askarlar uchun “Korrupsiya va uning salbiy oqibatlari” mavzusida ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda ushbu bo‘lim tarbiyachisi kapitan M. Xudoyberganov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi statistika boshqarmasining bosh yuriskonsulti A. Masheripova hamda boshqa mas’ullar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari, korrupsiyaning jamiyat va davlat taraqqiyotiga ko‘rsatadigan salbiy ta’siri, davlat boshqaruvi tizimida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslar va ularning yaqin qarindoshlarini himoya qilish mexanizmlari, korrupsiyaga oid jinoyatlarning turlari va ular uchun qonunchilikda belgilangan jazo choralarining muqarrarligi alohida ta’kidlandi. Ushbu jarayonda jamoatchilik nazoratining o‘rni va ahamiyati borasida ham fikrlar bildirildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga mazkur sana va uning mazmun-mohiyati yana bir bor eslatilib, korrupsiyaga qarshi kurashish har bir xodimning shaxsiy mas’uliyati va professional burchi ekani qayd etildi.
Ishtirokchilar o‘z fikr va mulohazalarini bildirib, qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldilar.






