23/12/2025

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida Prezidentimizning joriy yil 19-sentyabrdagi PF-173-sonli Farmoni asosida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni tashkil etish masalasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev ishtirok etdi.

Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini yuqori saviyada, belgilangan talab va mezonlar asosida tashkil etishga oid masalalarni hududiy rahbarlar bilan birgalikda keng muhokama etdi.

 

Ta’kidlanganidek, mazkur Farmon mamlakatimizda davlat boshqaruvini ilmiy asosda tashkil etish, ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni aniq va ishonchli ma’lumotlar asosida belgilashga xizmat qiladigan strategik ahamiyatga ega hujjat hisoblanadi.

Ushbu Farmonga muvofiq, 2026-yilning 15-yanvaridan 28-fevraliga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida aholi va qishloq xo‘jaligini yalpi ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi.

Bu ma’lumotlar aholining real ehtiyojlarini aniqlash, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va davlat resurslarini manzilli taqsimlashda asosiy mezon bo‘lib xizmat qiladi.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi sohasida yer maydonlaridan foydalanish holati, ekin maydonlari tarkibi, chorva mollari va parrandalar soni, dehqon va fermer xo‘jaliklari faoliyati hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlari bo‘yicha haqqoniy statistik ma’lumotlar shakllantiriladi.

Bundan tashqari, 26 million gektar qishloq xo‘jaligi yerlarining foydalanish holatini chuqur o‘rganish, chorva mollari va parrandalar sonini aniqlash orqali qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilayotgan yillik 25,6 trillion so‘m mablag‘lar, jumladan, 2,2 trillion so‘m byudjet mablag‘larining samarali sarflanishini baholash imkoniyati yaratiladi.

Bu esa sohada xizmatlar hajmini aniqlash, mahsulot ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun mustahkam analitik asos bo‘ladi.

Farmonga muvofiq, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri 2026-yil 15-yanvaridan 28-fevraliga qadar ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda — 2026-yil 15–31-yanvar kunlari fuqarolar “census.stat.uz” portali orqali OneID tizimi yordamida mustaqil ravishda onlayn ro‘yxatdan o‘tadilar.

Ikkinchi bosqichda — 2026-yil 4–28-fevral kunlari “Mahalla yettiligi” a’zolari tomonidan uyma-uy yurib, elektron planshetlar orqali ma’lumotlar yig‘iladi.

Yig‘ilishda Amudaryo va Nukus shahri mas’ullariga ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida ijrosini ta’minlash bo‘yicha qat’i topshiriqlarberildi hamda amalga oshiriladigan ishlar tanqidiy muhokama etildi.

2026-yil 15-yanvar kuni birinchi navbatda barcha hokimlar, vazirlar, boshqarma, korxona va tashkilot rahbarlari hamda ularning o‘rinbosarlari shaxsan o‘zlari internet orqali OneID platformasidan ro‘yxatdan o‘tib, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomani olishlari kerak aytib o‘tildi. Bu orqali aholi o‘rtasida shaxsiy namuna ko‘rsatish va ro‘yxatga olish tadbiriga ishonchni oshirish maqsad qilingan. Shuningdek, yig‘ilishda 2025-yil 26-dekabriga qadar aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarini amalga oshirish uchun mas’ul xodimlar belgilanishi hamda ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar — familiyasi, ismi, sharifi, lavozimi va telefon raqamlari belgilangan tartibda Respublika shtabiga taqdim etilishi lozimgi belgilandi.

Ushbu tadbirning muvaffaqiyatli o‘tkazilishi kelgusida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha asoslangan qarorlar qabul qilishga mustahkam zamin yaratadi.