Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuviga qarshi kurashishni ham taqozo etadi.
“Manfaatlar to‘qnashuvi” murakkab va ko‘p qirrali tushuncha bo‘lib, umume’tirof etilgan xalqaro hujjatlarda, xorijiy va milliy qonunchilikka asosan davlat boshqaruvi va korporativ faoliyatda korrupsiyaga qarshi kurashish tufayli uchraydi.
Yaqin kunlarga qadar “manfaatlar to‘qnashuvi” atamasiga oid yagona tushuncha yo‘q edi, shu bois unga turlicha ta’riflar keltirilgan edi. Biroq, manfaatlar to‘qnashuviga qarshi kurashishning dolzarbligi, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlarning (BMT, IHTT va boshqa.) korrupsiyaga qarshi xalqaro hujjatlarda keltirilgan majburiyatlari ijrosini ta’minlash vazifasi, O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 3-yanvardagi O‘RQ–419-son “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunida, uning ilk bor huquqiy tushunchasini ishlab chiqishni taqozo etdi.
Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishning dolzarbligi sababli, 2024-yilning 5-iyun kuni “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi O‘RQ–931-son Qonuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolandi (Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy o‘tgach kuchga kiradi).
Mazkur Qonunda, manfaatlar to‘qnashuvining quyidagi yangi tahrirdagi tushunchasi qayd etildi: “Manfaatlar to‘qnashuvi – shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat”.
Amaliyotda, bunday vaziyatlar asosan ayrim davlat xizmatchilarning tashkilotning ichki me’yorlariga, shu jumladan, tashkilot nizomi (ustavi), faoliyat tartib-taomillari va kun tartibiga rioya qilmaslikda, shuningdek boshqa xodimlarning huquq va erkinliklarini mensimaslik oqibatida kelib chiqadi. Manfaatlar to‘qnashuvining, navbatdagi muhim xususiyati bu mansabdor shaxsning yoki xizmatchining o‘z vakolatini shaxsiy manfaat yo‘lida suiiste’mol qilishi orqali sodir etilishidadir. O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonunida “Shaxsiy manfaatdorlik – davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi yoxud u bilan aloqador shaxslar ushbu xodim tomonidan bevosita yoki bilvosita qaror qabul qilinishi yoki xodimning ushbu jarayonda boshqacha tarzda ishtirok etishi natijasida olishi mumkin bo‘lgan har qanday naf yoki afzallik” deb tushuncha keltirilgan (Qonunning 3-moddasi). O‘z navbatda, bunday qonunga zid shaxsiy manfaatdorlik, masalan, tashkilotning yoxud tashkilotda ishlayotgan boshqa xodimlarning qonuniy manfaatlari bilan amaldagi yoki ehtimol bo‘lgan qarama-qarshilikni keltiradi.